O‘zbekiston davlat konservatoriyasida ommaviy axborot vositalari vakillari, blogerlar va jamoatchilik faollari ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Anjumanni O‘zbekiston davlat konservatoriyasi rektori, professor Kamoliddin O‘rinboyev ochib berib, ushbu tadbirda ishtirok etayotgan barcha ommaviy axborot vositalari vakillari, jurnalistlar, blogerlar va jamoatchilik faollariga doimiy hamkorlik uchun o‘zining samimiy minnatdorligini bildirdi.
Ma’lumki, O‘zbekiston davlat konservatoriyasi mamlakatimiz madaniy hayotida katta va o‘ziga xos ahamiyatga ega bo‘lgan san’at dargohi sanaladi. Turli qiziqarli musiqiy loyihalar, festivallar, ijodiy tanlovlar, mahorat saboqlari, nufuzli anjumanlar, katta konsert dasturi aynan mazkur musiqa dargohi tashabbusi bilan o‘tkazib kelinmoqda. O‘zbekiston davlat konservatoriyasi jahon mumtoz musiqasiga mehri va ishtiyoqi baland yoshlarni o‘zida birlashtirgan betakror ijodiy-ma’rifiy platforma vazifasini bajarib kelmoqda. Bu yerda jahon va mamlakatimizning eng ko‘zga ko‘ringan kompozitorlari, dirijyorlari, musiqashunos olimlari, ustozlar bilan doimiy muloqotlar, mahorat darslari tashkil etish yaxshi an’anaga aylangan.

Ayni paytda O‘zbekiston davlat konservatoriyasining talabalari xalqaro miqyosda o‘tkazilayotgan ko‘rik-tanlov va festivallarda sovrindor bo‘layotgani yurtimizda musiqa ta’limiga qaratilayotgan e’tibordan darak beradi.
Matbuot anjumani davomida Konservatoriyaning tashkil etilganiga 90 yil to‘lishi munosabati bilan 2025-2026 o‘quv yili davomida amalga oshirilishi rejalashtirilgan tanlov va festivallar, konsert dasturlari, talaba-yoshlar ijodkorligini rag‘batlantirishga qaratilgan turli loyihalar, madaniyat va san’at sohasini keng jamoatchilik, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida targ‘ib qilishga qaratilgan loyihalar xususida batafsil ma’lumot berildi.

Shuningdek, musiqashunoslik va musiqa tanqidi yo‘nalishida musiqa jurnalistikasi uchun yuqori malakali kadrlarni tayyorlashda hamkorlikni yanada rivojlantirish, musiqa san’atiga oid turli maqolalar va ma’lumotlarni xalqimizga sodda tilda yetkazish hamda ommaviy axborot vositalari vakillari, blogerlar va jamoatchilik faollari bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish va bu borada amalga oshirilishi lozim bo‘lgan masalalar muhokama qilindi hamda fikr almashildi.
Nazokat Usmonova,
O‘zA muxbiri