Mamlakatimizda bayram va musiqiy tantanalar borki, O‘zbekiston davlat filarmoniyasi qoshidagi “Lazgi” ansamblining ishtirokisiz o‘tmaydi. Poytaxtimizdagi “Xalqlar do‘stligi” san’at saroyida mazkur badiiy jamoa tashkil etilganining 10 yilligiga bag‘ishlangan katta konsert dasturi bo‘lib o‘tdi.
Ushbu musiqiy kechaga san’at ixlosmandlari, ijodkor ziyolilar, talaba-yoshlar taklif etildi.
– “Lazgi” ansambli – bu xalqimizning haqiqiy merosi, – dedi ansambl badiiy rahbari, O‘zbekiston xalq artisti Og‘abek Sobirov. – Aslida ansambl 1957 yilda tashkil etilgan va unga ustoz san’atkor, O‘zbekiston xalq artisti Komiljon Otaniyozov, keyinchalik ansamblga ustoz san’atkor Rahmatjon Qurbonov rahbarlik qilgan.
Milliy san’atimizga qaratilayotgan e’tibor natijasida ijodiy jamoa yanada samarali ijod qilishga intilmoqda. Ayni paytda mazkur jamoa jahonning ko‘plab davlatlarida mamlakatimizning betakror san’atini munosib tarzda namoyish etayotgani diqqatga sazovordir. Shu bilan birga ijodiy jamoa mamlakatimizning san’at ixlosmandlariga muntazam tarzda o‘z konsert dasturlarini taqdim etib kelmoqda.
Musiqiy kechada Xorazm musiqa san’atining nodir namunalari bilan birga zamonaviy milliy qo‘shiqchilik san’ati muxlislarga taqdim etildi.
Nazokat Usmonova,
O‘zA muxbiri