Badiiy barkamol, har jihatdan mukammal musiqiy asarlar inson ruhiyatini yuksaltiradi, ma’naviy olamini boyitadi. Vatanimiz mustaqilligining 34 yilligi arafasida poytaxtimizdagi “Ma’rifat markazi” simpoziumlar saroyida Prezidentimiz tashabbusi asosida Madaniyat vazirligi tomonidan tashkil etilgan muhtasham musiqiy tadbir ham xalqimizning ko‘ngil mulkiga aylangan dilbar qo‘shiqlarning targ‘ibotiga bag‘ishlangani bilan barchaga manzur bo‘ldi.
Ijodiy-ma’rifiy kecha davomida san’at ixlosmandlari O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artistlar Muhsinbek va Yahyobek Mo‘minovlar ijro etgan go‘zal qo‘shiqlardan bahramand bo‘ldilar.
Musiqiy dasturda ustoz san’atkorlar Tavakkal Qodirov, Ma’murjon Uzoqovlarning repertuarlaridan namunalar, mumtoz she’riyat va shuningdek, yangi yaratilgan qo‘shiqlardan namunalar ijro etildi.

Milliy musiqa san’atimiz ravnaqida Muhsinbek va Yahyobek Mo‘minovlarning ijodi o‘ziga xos o‘rin tutadi. Bu ijod milliylikka asolanishi, barhayot ma’naviy xazinalarga tayanishi bilan qadrlidir.
–Bunday musiqa oqshomlari Prezidentimizning madaniyat va san’at rivojiga qaratayotgan e’tiborining amaliy natijasida xalqimizga taqdim etilmoqda, – dedi taniqli shoir Bobur Bobomurod. – Muhsinbek va Yahyobek Mo‘minovlar ijrosidagi qo‘shiqlar Vatanga sadoqat, ota-onaga hurmat, beg‘ubor insoniy tuyg‘ularning samimiy va betakror tarannumiga bag‘ishlangani bilan e’tiborga molik. Bu yerda Alisher Navoiy, Chustiy, Huvaydo, Habibiy g‘azallari asosida yaratilgan qo‘shiqlar kuylanmoqda. Mumtoz qo‘shiqlar bilan birga, nafis she’riyatimiz ham muxlislarga taqdim etilyapti.

– Qo‘shiqchilik san’atida jo‘rovozlikdagi ijro juda murakkab, katta mas’uliyat, kuchli ovoz imkoniyatini talab etadi, – dedi O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati instituti professori Nuriddin Aminjonov. – Bu janrda lirik va dramatik ovozlarning o‘zaro qo‘shilishi, uyg‘un bo‘lishi juda muhim. Mazkur yo‘nalishda Shojalilovlar, Rasulqori Mamadaliyev, Fattohxon Mamadaliyev, Jo‘raxon Sultonov, aka-uka Mirzayevlar, Vahobovlar, G‘afur va G‘ulom Eshjonovlarning ijodi xalqimizga ma’lum. Bir paytlar Radio qo‘mitasida ishlaganimizda, chekka va olis qishloqlardan iste’dodlarni topib, ularning ilk qo‘shiqlarini efirga uzatardik. Bundan 30 yil avval Muhsinbek va Yahyobek Mo‘minovning ilk qo‘shig‘ini uning qishlog‘idan butun mamlakatga uzatgandik. Aka-uka bu xonandalar o‘zlarining Vatan haqidagi qo‘shiqlari bilan “O‘zbekiston – Vatanim manim” ko‘rik-tanlovida g‘olib bo‘lishgan edi. Ular Mustaqillik, Navro‘z bayramiga bag‘ishlangan davlat tadbirlarida juda faol ishtirok etmoqdalar.

Darhaqiqat, ijodiy-ma’rifiy kecha she’riyat, adabiyot, san’at bayrami sifatida yuqori saviyada o‘tdi. Unda mumtoz va zamonaviy qo‘shiqlar yangradi. Raqslar ijro etildi. Atoqli shoirlar o‘zlarining Vatan, istiqlol, mehr-muhabbat haqidagi she’rlaridan namunalar o‘qidilar. Saroy foyesida milliy tasviriy san’atimizga oid katta badiiy ko‘rgazma tashkil etildi.
Nazokat Usmonova,
O‘zA muxbiri