French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Mushtum” - yarim asrlik qadrdonim
18:37 / 2023-02-27

Mamlakatimizning yagona hajviy nashri “Mushtum” jurnalining 100 yillik to‘yi haqida xabar topganimdan buyon hayolimda uncha-muncha fikrlar aylanadi. Shu yurtning ziyolilari qatori ushbu nashrni ko‘p yillardan buyon muntazam o‘qiyman, kuzataman.

Faqat shuginami?.. Yo‘q, ko‘p yillardan buyon mazkur nashrning chin muxlisi, o‘rni kelganda faol mualliflari qatorida bo‘lib, tahririyat jamoasi bilan hamkorlik qilib kelayotganimdan mamnunman. Ilk hajviy mashqim mazkur nashr sahifalarida chop etilgan 1970 yilda maktabni endi bitirgan yosh yigit edim. Shundan buyon ellik yildan ortiq vaqt o‘tibdi. O‘tgan davr mobaynida men jurnalni bir o‘quvchi sifatida ham kuzatib, hikoya, hajviya, hangomalarim bilan uning sahifalarida baholi qudrat ishtirok etib kelmoqdaman.  

Toshkentda aspiranturada tahsil olgan yillarim jurnal tahririyati qoshidagi “Yosh hajvchilar maktabi”ga qatnaganman. U yerda ustozlarim O‘zbekiston xalq yozuvchisi Ne’mat Aminov, taniqli adib Sa’dulla Siyoyevlar bilan tanishdim. Mashqlarimni ularning nazaridan o‘tkazgan, iliq fikrlaridan ruhlanib ijodga ishtiyoqim ortgan va “Mushtum” sahifalarida tez-tez ko‘rina boshlagan davrlarimni hech qachon unutmayman. 

Ilk kitobim 1988 yilda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining Do‘rmon ijod uyida Yosh ijodkorlar seminarida O‘zbekiston Qahramoni, Xalq yozuvchisi Said Ahmad rahbarligidagi yig‘inda muhokama qilingan, nashrga tavsiya etilgan edi. Oradan ma’lum vaqt o‘tib, “Mushtum” kutubxonasi” turkumida chop etilgan va o‘z o‘quvchilarini topgan davrlarni ham mamnuniyat bilan eslayman.  

Kamtarona ijodiy mehnatlarim mahsuli bo‘lgan asarlarim orqali muxlislar orttirib, hajvchi adib sifatida elda e’tibor topgan bo‘lsam, buning uchun mamlakatimizdagi ommaviy-axborot vositalaridan, ayniqsa, “Mushtum” jurnali tahririyatida xizmat qilgan va qilayotgan ijodkorlardan minnatdorman. Chunki mazkur nashr mamlakatimizda yashab, ijod qilayotgan men kabi ko‘plab shoir-yozuvchilarning iqtidorini rivojlantirish hamda namoyon etishlari uchun o‘ziga xos minbar vazifasini bajarib kelgan va shunday bo‘lib qolmoqda.  

Jurnal, ta’bir joiz bo‘lsa, jamoaviy mehnat bilan yaraladigan mahsulot. Chunki unda ko‘z nurini to‘kib qog‘oz qoralaydigan jurnalist, adib, qalamkash, karikaturachi rassomning ham, matn teruvchi, musahhih, bosmaxona xodimi va boshqalarning ham hissasi bor. Shu bois “Mushtum”ning yuz yilligi yurtimiz barcha ziyolilarining, butun xalqimizning bayramidir.    

Fursatdan foydalanib tahririyat jamoasini, noshirlarni, ko‘p ming sonli muxlislarni ana shu qutlug‘ ayyom bilan muborakbod etaman. Elga kulgi ulashayotgan qadrdon jurnalimiz muxlislari va mualliflari safi kengayaversin.  

Habib SIDDIQ,  

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi,  

“Shuhrat” medali sohibi.  

O‘zA