O‘zbek onalarining sahnadagi obrazini yaratishda taniqli san’atkor Manzura Hamidovaning hissasi beqiyos edi. Bu yil O‘zbekiston xalq artisti Manzura Hamidova tavalludiga 110 yil to‘ldi.

Manzura aya ijrosidagi mushfiq, munis, mehnatkash, hayotning qancha-qancha qiyinchiliklarini boshdan o‘tkazgan onalar siymosi buvilarimiz, mehribon momolarimizni beixtiyor eslatadi.
Ijod – inson ruhiyatining bebaho olami, ijodkor esa ana shu olamni borliqqa taqdim etadi.
O‘zbekiston xalq artisti Manzura Hamidova umrini o‘zbek milliy teatr va televideniye san’atiga bag‘ishlagan ijodkor edi. U 1914 yil 8 mart kuni Toshkentda tavallud topgan. Dastlab Toshkentdagi ishchi-yoshlar teatri (1934-1936), so‘ngra yurtimizdagi bir qator teatr jamoalarida samarali faoliyat ko‘rsatdi.
Manzura aya Hamidova 1943 yildan umrining oxirigacha hozirgi O‘zbekiston davlat yosh tomoshabinlar teatrida faoliyat yuritgan. 1969 yilda O‘zbekiston xalq artisti va 1997 yilda “Mehnat shuhrati” ordeni bilan mukofotlangan.
Manzura aya Hamidova “Qovoqvoy va Chanoqvoy”, “Farzandim-jigarbandim”, “Eski jo‘va gavroshlari”, “Oq kema”, “Chiranchoq quyoncha”, “To‘rt egizak”, “Qizil qalpoqcha”, “O‘z uyingdasan”, “Revizor”, “Kecha va kunduz”, “Shum bola”, “Zumrad va Qimmat”, “Ot kishnagan oqshomda”, “Kim aybdor?” kabi ko‘plab spektakllarda yorqin obrazlarni yaratgan ijodkor.
Manzura Hamidova o‘zbek televideniyesida “Otalar so‘zi – aqlning ko‘zi” loyihalarida o‘ziga xos unutilmas rollarni ijro etgan edi. Sahnaga sadoqatli bunday aktrisalarning ijodi, faoliyati, hayot yo‘li bugungi yoshlar uchun chin ma’noda ibrat maktabidir.
Hozirda Madaniyat vazirligi tashabbusi bilan O‘zbekiston davlat yosh tomoshabinlar teatrida avgust oyida Manzura Hamidova xotirasiga bag‘ishlangan yubiley, turkum xotira tadbirlari o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda.
N.Usmonova, O‘zA