Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mushtariy MADRAHIMOVA: Oksfordda o‘qishni bolalikdan orzu qilganman
11:36 / 2023-03-10

Angliyaning Oksford universitetida o‘qishni yoki farzandlari shu joyda ta’lim olishini juda ko‘pchilik xohlaydi. Boisi, bu ta’lim maskani dunyodagi eng mashhur ilmiy muassasalardan biri. Oksford universiteti qaysi jihati bilan mashhurligi haqida hech o‘ylab ko‘rganmisiz?

Italiyadagi Boloniya universitetidan keyin uzluksiz faoliyat yurituvchi dunyodagi ikkinchi qadimiy dargoh sanalgan Oksford universitetiga 1096 yil asos solingan. Qolaversa, bu ilm o‘chog‘i ingliz tili asosiy til hisoblangan dunyodagi eng keksa universitet. Majmua tarkibida to‘rt akademik bo‘lim, 36 kollej va uch hamjamiyat mavjud. Hududda bog‘, kutubxona va muzeylar barpo etilgan. “Oxford University Press” nashriyoti har yili dunyo bo‘ylab yuzdan ortiq tilda minglab kitoblarni cheksiz adadda chop qilib keladi.

Ta’lim maskanida ilohiyot, huquq, tibbiyot, mumtoz adabiyot, yangi va eng yangi tarix, ingliz tili va adabiyoti, o‘rta asr va hozirgi zamon yevropa tillari va adabiyoti, sharqshunoslik, fizika, matematika, biologiya, psixologiya, antropologiya, geografiya, san’atshunoslik, musiqa yo‘nalishlari bo‘yicha mutaxassis tayyorlanadi. 1602 yil ochilgan asosiy kutubxonada 3 millionga yaqin asar saqlanadi. Oliygohda 14 mingga yaqin talaba ta’lim oladi, mingdan ortiq o‘qituvchi ishlaydi. Pedagoglar orasida London qirollik jamiyati a’zolari, Nobel mukofoti sohiblari bor.

Darvoqe, Oksfordda Buyuk Britaniyadagi eng qadimgi va dunyodagi ikkinchi eng keksa universitet muzeyi – Ashmolean san’at va arxeologiya muzeyi joylashgan. Yetmish gektar maydonni qoplagan bog‘lar kunduzi shahar aholisi va mehmonlari uchun ochiq. Universitetning tumanli Albionda eng qadimiy hisoblanadigan botanika bog‘ida 8000 dan ortiq o‘simlik turi qayd etilgan.

Ma’lumotga ko‘ra, oxirgi 3 yilda ushbu maskanga 50 nafar o‘zbekistonlik hujjat topshirgan. Afsuski, abituriyentlarimizning faqat 8 nafari o‘qishga qabul qilingan. Hozir ikki talabamiz ushbu nufuzli ta’lim dargohi magistratura bosqichida, davlat siyosati va huquq yo‘nalishida tahsil olmoqda. Ulardan biri – xorazmlik Mushtariy Madrahimova.

Davlat siyosati mutaxassisligi bo‘yicha o‘qiyotgan Mushtariy Prezidentimiz tashabbusi tashkil qilingan “El-yurt umidi” stipendiyasi sovrindori bo‘lib, uning ta’lim olishi davlat byudjetidan moliyalashtiriladi.

Mushtariy O‘zA muxbiriga Oksforddagi ta’lim jarayoni va kelgusi rejalari xususida gapirib berdi:

- Bu yerda ham barcha universitetlarda bo‘lgani kabi ma’ruza va seminarlar o‘tiladi. Ma’ruza shakli juda intensiv va samarali. Qolaversa, maxsus platformada har bir talabaning sahifasi bo‘lib, talaba uchun zarur barcha ma’lumotlar to‘plangan. Bundan tashqari har bir ma’ruzaning video shaklidagi slaydi ham jamlanadi. O‘quv materiallari onlayn joylashtiriladi, ya’ni foydalanish uchun kutubxonaga borib o‘tirish shart emas. Platformada hamma ma’lumot joylashtirilgani talaba uchun asosiy qulaylikdir. Shuningdek, har bir darsdan oldin shu mavzuga doir video-qo‘llanma, taqdim etilayotgan ma’lumot to‘g‘risidagi video lavha joylanadi. Har bir darsdan oldin talaba qo‘llanma va video darslikni o‘qib, mavzuga tayyor holda mashg‘ulotga boradi. Dars jarayonida muayyan mavzu hayotiy misollar orqali tushuntirilib, batafsil ko‘rib chiqiladi. Oksfordning eng samarali metodikasi ham aynan shu. 

Yana bir e’tiborli jihati, guruhda 144 talaba bo‘lsa, seminarda ko‘pi bilan 6 kishi qatnashadi. Bir yarim soat dars davomida o‘rganilgan material tahlil qilingani sababli, har bir mavzu xotiraga mustahkam joylanadi.

Mushtariy o‘qishni samarali yakunlab, yurtimizga qaytishni, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan  islohotlarga munosib hissa qo‘shishni, to‘plagan bilimi va ko‘nikmasini o‘z yo‘nalishida amaliyotga joriy qilishni maqsad qilgan. U hozirga qadar O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Xalqaro huquqiy hamkorlik boshqarmasida yetakchi maslahatchi, bo‘lim boshlig‘i lavozimlarida faoliyat yuritgan. 2020 yil korrupsiyaga qarshi kurashish agentligida bosh inspektor bo‘lib ishlagan. Shuningdek, qator davlat idoralarida korrupsiyaga qarshi shikoyat nazorati tizimini joriy etish bo‘yicha yirik loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirgan.

Suhbat davomida iste’dodli qiz xorijda o‘qishni istayotgan yoshlarga maslahat va tavsiyalar ham berdi:

– Xorijda o‘qishni istagan yigit yoki qiz birinchi navbatda oldiga yuksak maqsadlar qo‘ya bilishi va shu yo‘lda harakat qilishi kerak. Izlanish  hech qachon zoye ketmaydi. Bu jarayonda kishining o‘ziga ishonchi ham juda muhim. Masalan, men Oksford universitetida o‘qishni Xorazmda yashab, 40-60 daqiqa yo‘l yurib, avtobusda maktabga qatnagan bolalik paytimdayoq orzu qilganman. Yillar o‘tib, qalbimdagi istagim borgan sari shiddatli tus olaverdi. Maktabni tugatdim, Amerika bilan almashinuv dasturi – "Flex" bo‘yicha bir yil AQSHda o‘qidim. Bu ham Oksfordga kirish uchun qo‘yilgan ilk qadam edi, aslida. Niyatim amalga oshganini eslasam, ko‘zimga yosh keladi.

Mushtariy Amerikadagi tahsilni tamomlab, Toshkentdagi Xalqaro “Vestminster” universitetiga kirdi. O‘qishni yakunlagach, ishladi, tajriba orttirdi, faoliyati davomida yangi loyihalarni amalga tadbiq qildi.

– Shu o‘rinda bir voqeani eslamoqchiman, – deya so‘zida davom etdi Mushtariy. –  2019 yil Adliya vazirligi delegatsiyasi bilan Angliyaga kelganimda ham Oksfordga kelganman. Mana, oradan 3 yil o‘tib, 2022 yil birinchilardan bo‘lib Oksford universitetiga qabul qilindim. Demoqchimaki, shu yoshimga qadar ilm olish, nufuzli dargohda o‘qishga intilib yashadim. 36 yoshga kirib bo‘lsa-da, shu maqsadimga erishganimdan sira afsuslanmayman. Olgan bilimim, tajribam bilan yurtimiz rivojiga hissa qo‘shishni xohlayman. Bu balandparvoz gap emas! Zero, xalqimiz farovonligini oshirish, yurtimizni yanada ravnaq toptirish aynan biz yoshlarning qo‘lida.

Bir so‘z bilan aytganda, bugun Mushtariy singari bilimli, tajribali, izlanuvchan yoshlar talay. Zero, o‘qiyman, izlanaman degan o‘g‘il-qiz uchun yurtimizda barcha sharoit muhayyo. bugungi yoshlarimiz tanlagan sohasining yetuk mutaxassisi bo‘lib yetishishi uchun nafaqat mamlakatimizda, balki dunyoning rivojlangan davlatlari ta’lim olishi uchun ham keng imkoniyat yaratilgan.

O‘zA muxbiri

Go‘zal Sattorova suhbatlashdi.