Dunyo tarixi, insoniyat taraqqiyotida turli davrlarda turkiy xalqlar tomonidan asos solingan qadimiy davlatlar, ularning zaminida rivoj topgan madaniyat va tamaddunlar alohida o‘rin tutadi.
Turkiy xalqlarning mushtarak yodgorligi sanalgan O‘rxun-Enasoy obidalari, Mahmud Koshg‘ariyning “Devonu lug‘otit-turk” asari va boshqa ko‘plab bebaho meroslar ajdodlarimizning naqadar yuksak aql-zakovat, salohiyat va idrok sohibi bo‘lganidan darak beradi. Xalq og‘zaki ijodining nodir namunalari bo‘lgan Go‘ro‘g‘li, Alpomish, Manas, Edigey singari qahramonlik eposlari asrlar osha insoniyatni mardlik, vatanparvarlik, olijanoblikka undab kelmoqda.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi tomonidan turkiy tilli xalqlar orasida madaniyat, ilm-fan sohalaridagi hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida Muxtor Avezov nomidagi Janubiy-Qozog‘iston universiteti va Qozog‘iston Respublikasi L.Gumilyov nomidagi Yevroosiyo Milliy universiteti hamkorligida “Turkiy tilli xalqlar falsafasi, madaniyati: tarix, bugun va kelajak” mavzusida xalqaro simpozium o‘tkazildi.

Tadbirda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Muxtor Avezov nomidagi Janubiy-Qozog‘iston, L.Gumilyov nomidagi Yevroosiyo Milliy, M.Akmulla nomidagi Boshqirdiston davlat pedagogika universitetlari mas’ullari, hamkor tashkilotlar vakillari, mahalliy va xorijlik professor-olimlar, yosh ilmiy tadqiqotchilar hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Turkiy xalqlar o‘rtasida so‘nggi yillarda hamkorlik aloqalari rivojlanib borayotgani alohida qayd etilib, tarixan yakdil va hamfikr bo‘lgan xalqlarning madaniyati, san’ati, ilmiy faoliyati bir-biriga hamohang ekani ta’kidlandi.
bugungi kunda turkiy tilli xalqlarning umumiy soni 250 million nafardan ziyod bo‘lib, ularning asosiy qismi 6 ta mustaqil turkiy tilli davlat – Ozarbayjon, Turkiya, Turkmaniston, O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Qozog‘istonda istiqomat qiladi. bugungi kunda mazkur davlatlar o‘rtasida har tomonlama hamkorlik aloqalari tobora rivojlanmoqda.

Simpoziumda xorijlik professor-o‘qituvchilar Turk hoqonligi, Qoraxoniylar, G‘aznaviylar, Saljuqiylar va Xorazmshohlar kabi qadimgi turkiy davlatlar o‘z davrining eng qudratli saltanatlaridan biri bo‘lgani, ularning ta’sirida turkiy til va turmush tarzi keng yoyilib, ilm-fan, madaniyat va san’at yuksak rivojlanganini qayd etdi. Buyuk allomalar kamol topib, ularning ulkan kashfiyotlari, nodir asarlari nafaqat turkiy tilli xalqlar, balki butun jahon sivilizatsiyasiga salmoqli hissa bo‘lib qo‘shilganini ta’kidladi. Turkiy tilli xalqlar o‘rtasida rivojlanish aloqalarini yanada kengaytirish, tarixda yashab o‘tgan ajdodlar merosini birgalikda tadqiq etish kerakligi haqida fikr yuritildi.
Ilmiy anjuman dovomida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi “Ijtimoiy-gumanitar fanlar” kafedrasi hamda Qozog‘iston Respublikasi L.Gumilyov nomidagi Yevroosiyo Milliy universiteti “Mintaqashunoslik” kafedrasi o‘rtasida hamkorlik bo‘yicha anglashuv memorandumi imzolandi. Unga ko‘ra, har ikki ta’lim muassasalari bilan hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash, sohada olib borilgan tadqiqotlar natijasida erishilgan yutuqlardan o‘zaro tajriba almashishga kelishib olindi.
Tadbirda mavzu yuzasidan qizg‘in fikr-mulohazalar bildirilib, o‘zaro manfaatli, ilmiy hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirishga kelishib olindi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Matbuot xizmati
O‘zA