Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Musavvir nigohidagi mangulik
14:21 / 2023-05-23

O‘zbekiston davlat san’at muzeyida O‘zbekiston xalq rassomi, akademik ijodkor Bahodir Jalolovning “Mangulikdagi chiziq” nomli shaxsiy ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tmoqda.

Aytish joizki, Bahodir Jalolov nainki O‘zbekistonda, balki xalqaro miqyosda ham taniqli, yuksak tan olingan, e’tirof etilgan, ijodi doimiy qiziqish bilan kuzatib boriladigan  musavvirlarimizdan sanaladi. Uning asarlari, mahobatli ijodiy ishlari yurtimizdagi muzey va boshqa madaniy-ma’rifiy binolar, xorijdagi bir qator elchixonalar, kolleksiya va galereyalarni bezab turibdi.  

Bahodir Jalolov asarlarida ruhiyat, kayfiyat, inson psixologiyasi bor. Uning asarlari inson va koinotning o‘zaro munosabatlari, borliqdagi bahsli jarayonlar, umuman umr mavzusiga teran falsafiy nigoh bilan nazar tashlashga  undaydi.  

Ustoz musavvir ijodi shunisi bilan qadrliki, u har bir tomoshabinni o‘yga toldiradi. Mo‘yqalam sohibi odamlarga kartina orqali aytmoqqa shaylangan fikrlarini uqishga, mag‘zini chaqishga undaydi. Bahodir Jalolov bugungi kunda ham shogirdlariga tasviriy san’at sirlarini o‘rgatishdan charchamaydi. Uning dilkash, samimiy, bag‘rikeng, sofdil inson ekani kartinalariga ham ko‘chgani bilan ahamiyatlidir.  

Bahodir Jalolov O‘zbekiston, Qirg‘iziston Badiiy akademiyasining haqiqiy a’zosi, Rossiya Badiiy akademiyasining faxriy a’zosidir. Ayni paytda rassom Janubiy Koreyaning Tegu shahridagi Kemyung universitetining rassomlik kafedrasi professoridir.  

Ustoz ijodkorning asarlari O‘zbekiston davlat san’at muzeyi, O‘zbekiston Tasviriy san’at galereyasi, Nukusdagi Igor Savitskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston davlat san’at muzeyi, Moskvadagi Tretyakov davlat galereyasi, Moskva davlat zamonaviy san’at muzeyi, Bukingem saroyi (London), Britaniya muzeyi va boshqa ko‘plab nufuzli maskanlarda saqlanmoqda.  

Ustoz musavvir asarlarining O‘zbekiston davlat san’at muzeyida bo‘lib o‘tayotgan ko‘rgazmasi muxlislarda katta qiziqish uyg‘otmoqda.  

Nazokat Usmonova, O‘zA