Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Musaffo ko‘zgu
14:37 / 2026-03-03

Bola go‘yoki g‘uborsiz bir oppoq mato. U esini taniy boshlar ekan, atrofidagi har bir insondan nimalardir o‘ziga ko‘chirib oladi. Shuning uchun ham bunday paytda oilada eng go‘zal xulq va madaniyatli muhit namoyon etish behad muhim jarayon sanaladi.

Biroq, ming afsuski, bunga aksar oilalar e’tiborsiz yondashadi. Oqibatda esa bola tafakkurida buzilish kuzatiladi. Bolaning shakllanayotgan ongi misoli oq qog‘oz. Unga nima yozish, qanday yozish esa ota-ona oldidagi eng mushkul va shu bilan birga eng mas’uliyatli yumush.

Buning muhimligi shundaki, inson ruhiyati g‘oyat nozik bo‘lib, bolaligidagi har qanday munosabat bevosita uning kelajagiga ta’sir o‘tkazadi. Aytaylik, ma’lum darajadagi jismoniy jarohatlarni tibbiyot davolar. Ammo bolaning ruhiyati jarohatlansa, bu uning kelajagiga anchagina xavf tug‘diradi. Hattoki, keyinchalik uning nutqi, xotirasi va harakatlanishining buzilishiga ham olib kelishi mumkin.

Psixologlarning fikricha, bola dunyoni, atrofni ota-ona ko‘zlari bilan anglaydi. Ota-onaga nima yomon bo‘lsa, bola shuni yomon deb hisoblaydi. Ota-ona kimni xush ko‘rsa, bola uchun u inson yaxshi bo‘ladi. Bu holat bolani 10-12 yoshiga qadar davom etadi. Undan keyin bola o‘zi xulosa qilishga o‘rganishni boshlaydi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, bolalar psixologiyasi XIX asr o‘rtalarida mustaqil fan sifatida ajralib chiqa boshladi. U pedagogika psixologiyasi, pedagogika, oliy asab faoliyati fiziologiyasi bilan chambarchas bog‘langan. Uning ma’lumot va xulosalari yosh avlodni o‘qitish va tarbiyalash nazariyasi va amaliyoti, umumiy psixologiya uchun muhim ahamiyatga ega. Bugungi kunga kelib, yurtimizda ham bolalar psixologiyasi masalalari bo‘yicha bir qancha ilmiy tadqiqotlar olib borilmoqda.

Xulosa qilib aytganda, barkamol avlod shakllantirish uchun avvalo, oilalardagi muhitni sog‘lomlashtirmoq lozim. Zero, mustahkam oila barqaror jamiyat shakllantirish yo‘lidagi eng muhim omil. Shunday ekan, ma’nan sog‘lom farzand tarbiyalashga har birimiz mas’ul ekanimizni unutmaylik. Chunki aytilganidek, bola ongi bir musaffo ko‘zgu. Uni chilparchin qilishga esa hech birimizning haqqimiz yo‘q.

Sherbek Islomov, O‘zA