Izchil izlohotlar natijasi o‘laroq, ijtimoiy himoya tizimi aholining tom ma’noda ko‘mak zanjirini hosil qildi. Mazkur tizim tarmoqlari ancha kengayib bormoqda. Xususan, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj hamda imkoniyati cheklangan qatlamining sifatli ta’lim olishi ham soha oldidagi eng muhim vazifalardan. Ijtimoiy himoya milliy agentligi tasarrufidagi “nurli maskan” internatlari hamda “muruvvat" uylarida ta’lim olayotgan o‘quvchilarning ilmiy va kasbiy salohiyatini oshirishda bir qancha tashabbuslar ilgari surilib, amalga tatbiq etilmoqda.
Ana shunday ta’lim maskanlaridan biri Toshkent shahar 2-sonli “Muruvvat” nogironligi bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashgan internat uyidir. Bugungi kunda internat uyida 422 nafar tarbiyalanuvchi ta’lim-tarbiya olayotgan bo‘lib, 8 nafar bolaning ijtimoiylashuvi ta’minlangan. Shundan 7 nafari doimiy uyiga joylashtirilgan, 1 nafari esa yashash joyidagi kunduzgi qatnovga jalb qilingan.

Mazkur ta’lim maskaniga Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori Mansur Olloyorov tashrif buyurdi. Muassasa holatini o‘rganib, amalga oshirilgan ishlar bilan tanishdi.
Tashrif davomida muassasaning kundalik faoliyati, bolalar uchun yaratilgan sharoitlar, ko‘rsatilayotgan ijtimoiy xizmatlar hamda islohotlar natijalari ko‘zdan kechirildi.

Agentlik rahbari bolalar bilan samimiy muloqot qilib, ularning ehtiyoj va qiziqishlarini tingladi. Uchrashuv chog‘ida mas’ullar tomonidan internat uyida amalga oshirilgan ishlar, mavjud muammolar va ularni bartaraf etish bo‘yicha takliflar taqdim qilindi. Tegishli chora-tadbirlarni belgilash, bolalar manfaatlarini birinchi o‘ringa qo‘ygan holda internat uyi faoliyatini yanada takomillashtirish va ijtimoiylashuv ko‘rsatkichlarini oshirish bo‘yicha ishlar davom ettirilishi qayd etildi.
Sherbek Islomov, O‘zA