Yangi yil arafasida Jizzax politexnika instituti rahbariyati tomonidan “Muruvvat” nogironligi bo‘lgan ayollar internat uyi tarbiyalanuvchilariga bayram sovg‘alari topshirildi.
Ushbu Yangi yil sovg‘alarini o‘z egalariga Jizzax politexnika institutining yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori S.Eshbekova, moliya va iqtisod ishlari bo‘yicha prorektor vazifasini bajaruvchi O‘.Misirov hamda xo‘jalik bo‘limi boshlig‘i O‘.Norboyevlar topshirdi.
Ma’lumot o‘rnida, ushbu “Muruvvat” internat uyining umumiy quvvati 300 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, hozirgi kunda bu yerda 300 nafar vasiylikka olingan ayollar istiqomat qiladi. Ularga 215 nafar xodim ijtimoiy xizmat qilib kelmoqda.
[gallery-21059]
Mazkur shifo muassasasida 200 o‘ringa mo‘ljallangan faollar zali, uchrashuv xonasi, bemorlar qabulxonasi, madaniyat va ma’rifat xonasi, go‘zallik saloni, mehnat-terapiya, art-terapiya, musiqa, jismoniy tarbiya xonalari, kutubxona, sport zali, sun’iy qoplamali stadion, kashtachilik, amaliy bezaklar, rangli qog‘ozlar bilan ishlash, tikuvchilik-bichuvchilik xonalari mavjud.
Shuningdek, bu yerda istiqomat qiluvchi vasiylikka olingan ayollar uchun fitobar, massaj, fizioterapiya, UTT, EKG, stomatologiya, ginekologiya xizmatlari ko‘rsatilmoqda. Bulardan tashqari, dorixona, kirxona, har bir bo‘limda muolaja xonasi va oshxonalar ham faoliyat yuritib kelmoqda.
Mas’ullar “Muruvvat” nogironligi bo‘lgan ayollar internat uyidagi vasiylikka olingan ayollar uchun yaratilgan sharoit bilan tanishdi va ularni bayram bilan tabriklab, Yangi yil sovg‘alari ulashildi.
A.QAYUMOV, J.YORBEKOV (surat), O‘zA