Prezidentimiz tashabbusi bilan Toshkent va Xiva shaharlarida o‘tkazilgan “Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya xorijiy ishtirokchilarning samimiy fikrlari, e’tiroflariga boy ekani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Turkiyadagi Islom tadqiqotlari markazi direktori Murtazo Bedir o‘z fikrlarini bildirdi:
– Movarounnahr mintaqasi tabiiy fanlar, ya’ni matematika, fizika, kimyo, biologiya, astronomiya va geografiya kabi sohalarga ulkan hissa qo‘shgan. Xorazmiy, Buxoriy va Samarqandiy kabi mashhur zotlar islom ilm an’anasining butun dunyoda tanilgan eng muhim namunalarini yaratganlar. Shuningdek, ijtimoiy fanlar va falsafa kabi sohalarda ham Movarounnahr olimlari juda muhim kashfiyotlar qilganlar. Xususan, huquq sohasida Buxoro va Samarqanddan chiqqan buyuk faqihlar dunyo huquqshunosligiga katta ta’sir ko‘rsatgan.
O‘zbekiston Prezidenti muhtaram Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonning dunyo bilan integratsiyasi, dunyo bilan hamkorlikka kirishishida juda muhim qadamlar qo‘yayotganini ta’kidlash lozim. Men 15 yil ichida bu mamlakatga bir necha marotaba kelganman va buni o‘z ko‘zlarim bilan ko‘ryapman.
Ushbu konferensiya islom olamida uzoq vaqtdan buyon muhokama qilinayotgan muhim masalani dunyo jamoatchiligi kun tartibiga olib chiqish imkonini berdi. Bu anjuman ahamiyati jihatidan juda yuqori va o‘z vaqtida o‘tkazilda. Afsus bilan aytish kerakki, ayrimlar islomni noto‘g‘ri talqin qilmoqda. Islom madaniy, ijtimoiy rivojlanish, tinchlik va farovonlik dinidir. Bu haqiqatni inkor etib, uni boshqacha ko‘rsatishni istaydigan noto‘g‘ri fikrdagi kimsalar ham bor.
Mazkur anjuman islom olamining muhim shaxslarini, diniy yetakchilarini bir joyga yig‘di. Islomning tinchlik va ezgulik dini ekani haqidagi asl haqiqatni yana bir karra dunyoga taqdim etdi. Shu jihatdan, men O‘zbekiston Prezidentining bu borada juda muhim qadam qo‘ygani va bu kelajakda katta natijalarni taqdim etishini ishonch bilan aytaman.
N.Usmonova, O‘zA