Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Murojaatnomada mahalla infratuzilmasini yaxshilash, suvdan oqilona foydalanish borasida aniq yechim ko‘rsatildi
09:16 / 2026-01-20

Mamlakatimizda aholining turmush sharoitini yaxshilash, fuqarolar uchun ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish borasida keng ko‘lamli islohotlar olib borilmoqda. Mazkur islohotlar doirasida “mahalla” institutini kuchaytirish va ijtimoiy muammolarni yecha oladigan tizimga aylantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘zbekistonda mahallalardagi shart-sharoitni yaxshilash va umuman, mazkur ijtimoiy institutni tubdan takomillashtirish maqsadida qator davlat dasturlari, strategiyalar qabul qilindi.

Bugungi kunga kelib, mamlakatimizda ijtimoiy munosabatlar shiddat bilan rivojlanmoqda, zamonaviy texnologiyalar ko‘magida insonlar turmush tarzida o‘zgarishlar yuz bermoqda. Bularning bari mahalla instituti faoliyatiga ham ta’sir o‘tkazmoqda. Bunda, zamonaviy axborot texnologiyalari fuqarolar va davlat idoralari o‘rtasidagi muloqotni osonlashtirib, masofadan turgan holda turli masala muhokama qilish, muammolarga yechim izlash imkoniyatini yaratmoqda. Sodda qilib aytadigan bo‘lsak, hozir fuqarolar o‘z mahallasidagi turli ijtimoiy yoki maishiy masalalarni yechish yuzasidan davlat idoralariga oldingidan ko‘proq murojaat qilmoqda. Bunday o‘zgarishlar, albatta, mahalla faoliyatini, zamonaviy shart-sharoitdan kelib chiqqan holda, yanada takomillashtirishni talab etadi.

2025 yil 26 dekabrda Prezidentimiz Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnoma yo‘lladi. O‘zbekiston oldida turgan dolzarb masalalar va mamlakatni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlariga to‘xtalib o‘tilgan Murojaatnomada mahalla alohida o‘rin egalladi. Xususan, davlatimiz rahbari 2026 yilni yurtimizda “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili”, deb e’lon qilishni taklif qildi. Murojaatnomaning birinchi ustuvor yo‘nalishi infratuzilmani yanada yaxshilash, mahallalarga Yangi O‘zbekiston qiyofasini olib kirishga bag‘ishlandi.

Ta’kidlab o‘tilganidek, hozir bir mahallada yo‘l, ikkinchisida suv yoki elektr, yana boshqasida bog‘cha, maktab, tibbiyot, uy-joy bilan bog‘liq masala yechim topmoqda. 2026 yildan boshlab har bir viloyatda 2-3 tadan tuman tanlanib, mahallalardagi barcha muammolar bir vaqtning o‘zida hal qilinadigan tizim yaratish maqsadi belgilab olindi. Yangi tajribani Samarqand viloyati Urgut tumanidan boshlash taklif qilindi. Urgutda 100 ming aholiga mo‘ljallangan zamonaviy ekoshahar barpo etilishi, 544 milliard so‘m ajratilib, 72 bog‘cha, maktab, poliklinika, shuningdek ichki yo‘llar qurilishi va ta’mirlanishi, kanallar beton bilan qoplanishi, 2 ta sel-suv ombori barpo etilishi aytib o‘tildi. Ushbu tajriba yil davomida tanlab olingan 33 tumandagi 330 sharoiti og‘ir mahallada qo‘llanadi.

2026 yil mahalla infratuzilmasini yaxshilash maqsadida sohaga ajratiladigan moliyaviy resurslar ham e’tiborga sazovor. Deputatlarga o‘z okrugidagi muammolarni hal etish uchun 500 milliard so‘m, har bir deputatga 3,3 milliard so‘mdan berilmoqda. Bunda “yashil hudud”, “yashil bog‘” yaratish bo‘yicha har bir tashabbusga qo‘shimcha 330 million so‘mdan yo‘naltiriladi. Bunday yondashuv orqali 2030 yilgacha barcha tumanlardagi mahallalarda Yangi O‘zbekiston qiyofasi shakllanadi.

Ilk bor viloyatlarga mahalla infratuzilmasini rivojlantirish uchun 20 trillion so‘m berilmoqda. Bu pul muayyan tumangaemas, balki mahallada ish o‘rni yaratadigan, aholini daromadli qiladigan aniq loyihalarga yo‘naltirilishi aniqlashtirildi.

Joriy yil “mahallada sanoat va xizmat” loyihasi orqali 10 000 dan ziyod ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish loyihasini ishga tushirish uchun 5 trillion so‘m kredit hisobidan mahallalarda 100 000 yangi ish o‘rni yaratiladi.

Murojaatnomada mahalla infratuzilmasini yaxshilashda maishiy masalalar, jumladan suvdan oqilona foydalanishga ham alohida to‘xtalib o‘tildi. Davlatimiz rahbari dunyoda suv tanqisligi muammosi tobora dolzarb bo‘lib borayotgani va shu bois islohotlarning ilk kunlaridanoq suvdan oqilona foydalanish davlat siyosati darajasiga olib chiqilganini aytib o‘tdi.

Ayni yo‘nalishda istiqbolli masalalar yuzasidan 2025 yil suv tejaydigan texnologiyalarni keng qo‘llash, suv inshootlarini modernizatsiya qilish, sug‘orish tadbirlari bo‘yicha kelgusi uch yil uchun qabul qilingan, qiymati 5,5 milliard dollarlik katta dastur doirasida suv tejaydigan texnologiyalar qamrovi 61 foizga yoki 2,6 million gektarga yetkazilishi, natijada yiliga 2,5 milliard kub metr suv tejalishi, 200 000 tonna bug‘ gazi kamaytirilishi misol tariqasida keltirildi.

Murojaatnomada keltirilishicha, yil davomida 1 300 kilometr yirik magistral kanallar beton bilan qoplanadi.Buning uchun byudjetdan 3 trillion so‘m sarflanadi va qo‘shimcha ravishda yiliga 500 million kub metr suv iqtisod qilinadi.

Dunyo bo‘ylab suv manbalaridan oqilona foydalanishga alohida e’tibor qaratilayotgan bugungi kunda mamlakatimizda suvdan foydalanish borasidagi islohotlar nechog‘li dolzarbligiga amin bo‘lishimiz mumkin.

2025 yil iyun oyida Yevropa Komissiyasi Suvga chidamlilik strategiyasini qabul qildi. Ushbu strategiyada suv resurslarini samarali boshqarish va barqaror iqtisodiyot yaratish maqsad qilingan. Jumladan, suvdan foydalanish samaradorligini oshirish va raqamlashtirishni kuchaytirish bo‘yicha Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar uchun tavsiyalar ishlab chiqilgan. Dastlabki hisob-kitobga ko‘ra, strategiyani ishga tushirish va suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy qilgan holda, 2030 yilga borib suv resurslariga bo‘lgan talabni 10 foiz qisqartirish kutilmoqda. Qolaversa, strategiyada suv resurslarini boshqarish sohasiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy qilish masalasi ham nazarda tutilgan. Hozir tajriba tariqasida Ispaniyadagi Segura havzasida sun’iy intellekt texnologiyalari qo‘llangan holda, suv taqsimotini optimallashtirish bo‘yicha ilmiy tadqiqot olib borilmoqda.

AQSHda suv resurslarini smart water” (Droplet) tizimi orqali boshqarish keng joriy qilindi. Mazkur tizim uy xo‘jaliklarida suv resurslari haqida real vaqt uchun ma’lumotlarni berib boradi.  Suv oqishi va drenaj tizimidagi nosozlikni aniqlaydi. Bunday tizim suv resurslari ortiqcha sarfini kamaytirishga hissa qo‘shmoqda.

Suvdan oqilona foydalanish yo‘nalishida Osiyo davlatlari ham innovatsion yondashuvlar joriy qilmoqda. Xususan, Xitoy va Hindiston shaharlarida “Sponge city” konsepsiyasi keng joriy qilinmoqda. Mazkur konsepsiyaning asosiy maqsadi yomg‘ir suvidan samarali foydalanish va shaharlarda tabiiy yer osti suv zaxirasini tashkil etishdan iborat.

Suv tanqisligiga moyil mintaqa hisoblanadigan Markaziy Osiyodagi chuchuk suv zaxirasining 60 foizidan ko‘pini so‘nggi o‘ttiz yilda uchdan bir qismi erib ketgan tog‘lardagi muzliklar tashkil etadi.Hozir global iqlim o‘zgarishi oqibatida bu suvlar tez sur’atda erib borishi kuzatilmoqda. Olimlar taxminicha, Markaziy Osiyo muzliklarining erishi 2035-2055 yillar oralig‘ida eng yuqori darajaga ko‘tariladi. 2100 yilga borib esa mintaqadagi muzliklar zaxirasi 2015 yilgi hajmning 75 foizini yo‘qotishi mumkin. Hozir mintaqa davlatlari, jumladan O‘zbekiston suv tanqisligi muammosi oqibatini yumshatishda innovatsion yechimlarga tayanmoqda. So‘nggi bir necha yil davomida suv resurslarini boshqarish sohasiga bosqichma-bosqich “smart” tizimi va sun’iy intellekt texnologiyasi joriy qilib borilmoqda.

Innovatsion texnologiyalar bilan bir qatorda, suvdan foydalanish madaniyatini oshirish va suvning kelajak avlod uchun ahamiyatini chuqur anglab yetish ham dolzarb ahamiyat kasb etadi. Shu nuqtai nazardan Prezidentimiz Murojaatnomada suvdan oqilona foydalanish masalasiga alohida to‘xtalib o‘tgani bejiz emas.

Xulosa shuki, O‘zbekistonda so‘nggi yillarda aholining turmush sharoitini yaxshilash, ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni joyida va samarali hal etish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Ushbu jarayonda mahalla instituti jamiyatning eng muhim bo‘g‘inlaridan biri sifatida alohida e’tibor markaziga chiqarildi. Murojaatnoma belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash orqali mahallalar faoliyati tubdan takomillashadi, aholi farovonligi yuksaladi. Umuman, 2026 yilga rejalashtirilgan islohotlar mahallani jamiyat taraqqiyotining asosiy tayanchiga aylantirishga xizmat qiladi.

Amirbek Kenjayev,

Toshkent davlat yuridik universiteti

Davlat boshqaruvi sho‘’basi dotsenti v.b.