O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida 2026 yilda amalga oshiriladigan ishlar, sport ta’limi sohasidagi islohotlarning mazmun-mohiyati, xalqaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirish, ta’lim sifatini yangi bosqichga olib chiqish, raqamlashtirish borasida qilinayotgan ishlar ijrosiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi.
Tadbirda davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning serqirra va jo‘shqin faoliyatini aks ettiruvchi “Yil va yo‘l” nomli hujjatli film namoyish etildi.
Universitet rektori R.Matkarimov, Sport vazirligi Professional sport ta’lim muassasalari bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i F.Turdiyev, professor-o‘qituvchilar ishtirokida o‘tkazilgan muhokamalar jarayonida Prezidentimizning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasida ilgari surilgan ustuvor g‘oya va tashabbuslarning mazmun-mohiyati borasida fikrlar bildirildi.
Ta’kidlanganidek, Murojaatnoma mazmunini, unda ilgari surilgan yo‘nalishlarni nafaqat professor-o‘qituvchilar, balki talabalar o‘rtasida keng va tizimli targ‘ib etish zarurligi, ularni Vatan taraqqiyoti yo‘lida faol fuqarolik pozitsiyasini namoyon etishga chorlash muhim vazifa ekani qayd etildi.

Bildirilgan fikr va takliflar asosida ta’lim sifati, o‘quv-uslubiy faoliyat, ma’naviy-ma’rifiy ishlar, ilmiy-tadqiqot va innovatsion hamda korrupsiyaga qarshi kurash yo‘nalishlari tanqidiy-tahliliy ko‘rib chiqildi.

Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, 2026 yilda amalga oshiriladigan ustuvor vazifalar yuzasidan mutasaddilarga aniq vazifalar yuklandi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA