Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Murojaatnoma: yuksak marrani zabt etishga qodirmiz
11:25 / 2026-01-10

Buxoroda O‘zbekiston Ekologik partiyasi Ijroiya qo‘mitasining sayyor yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi.

Unda Prezidentimizning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasida belgilangan strategik yo‘nalishlarda partiya oldida turgan ustuvor vazifalar muhokama qilindi. 

Ishtirokchilar Kogon tumanidagi “Sarayon” mahalla fuqarolar yig‘inida olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi. Mahalla fuqarolar yig‘ini tomonidan tayyorlangan taqdimot orqali mahallada amalga oshirilayotgan islohotlar, erishilgan natijalar, mavjud muammolar va kelgusidagi rejalar haqida ma’lumot berildi. O‘rganish jarayonida mahalla “yettiligi” faoliyati, aholi bandligini ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish, ijtimoiy himoyani kuchaytirish hamda aholi turmush farovonligini oshirish yo‘nalishlarida amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi.

Deputatlar va partiya vakillari “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida mahallada ko‘chat ekdi. Mazkur aksiya davomida hududga 50 ga yaqin manzarali daraxt ko‘chatlari ekildi. Shuningdek, ko‘chatlarni parvarishlash va ularning barqaror o‘sishini ta’minlashga qaratilgan agrotexnik qoidalar bo‘yicha tushuntirish va amaliy tavsiyalar berildi.

Mahallalardagi o‘rganishlar avvalgidek umumiy, mahalla binosini aylanish bilangina cheklanmay, aholining hayoti, muammolari va takliflarini bevosita xonadonma-xonadon o‘rganishga qaratildi. Xususan, mehmonlar mahalladagi Narzixon aya Mahmudova va Mehriya Fayziyeva xonadonlarida bo‘ldi. Ularning yashash sharoitlari, taklif va mulohazalari bilan yaqindan tanishdi.

Shuningdek, mehmonlar Buxoro shahridagi “Shayx-ul Olam” mahalla fuqarolar yig‘ini faoliyati bilan ham yaqindan tanishdi. Mahalla yettiligi faoliyati, kambag‘allikni qisqartirish, aholi bandligini ta’minlash va boshqa yo‘nalishlarda amalga oshirilayotgan ishlar ko‘zdan kechirildi.

Yig‘ilish ishtirokchilari Buxoro davlat texnika universitetida bo‘lib, tashkil etilgan ko‘rgazma bilan tanishdi. Ko‘rgazmalar bilan tanishish jarayonida Murojaatnomada belgilab berilgan ustuvor vazifalar, ekologik siyosatni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan islohotlar va ularni amalga oshirishda oliy ta’lim muassasalari hamda partiya tashkilotlarining o‘rni haqida atroflicha so‘z yuritildi.

Tadbirda O‘zbekiston Ekologik partiyasi Markaziy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi partiya fraksiyasi rahbari Abdushukur Hamzayev so‘zga chiqib, Murojaatnomada belgilangan yangi yo‘nalishlar partiya faoliyati uchun dasturulamal bo‘lishini ta’kidladi.

Shuningdek, ekologik xavfsizlikni ta’minlash, atrof-muhitni muhofaza qilish va aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish borasida partiya va fraksiya oldida turgan vazifalarga alohida e’tibor qaratildi.

– Bugun ekologiya masalasi bu tabiatni asrash masalasi inson qadrini ulug‘lash masalasi, sog‘lom jamiyat va barqaror davlat qurish masalasi. Bu kelajak avlod oldidagi vijdon masalasi. Davlatimiz rahbari Murojaatnomada ta’kidlaganidek, agar biz barchamiz birlashib, yagona xalq va yagona millat sifatida olg‘a intilsak, har qanday yuksak marrani zabt etishga qodirmiz. Ana shunday birdamlik bor ekan, hech qanday kuch bizni o‘z tanlagan yo‘limizdan qaytarolmaydi, – dedi partiya rahbari.

Yig‘ilishda partiya Markaziy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari, Qonunchilik palatasidagi partiya fraksiyasi rahbari o‘rinbosari Oybek Rahimov partiya va uning Qonunchilik palatasidagi fraksiyasining 2025 yilgi faoliyati haqida ma’lumot ham berdi. 

Joriy yilda partiya tomonidan 3 438 ta yirik aksiyalar va forumlar hamda boshqa tadbirlar o‘tkazildi, qator ekologik loyihalar amalga oshirildi. Ushbu tadbirlar orqali 281 621 nafar yoshlar, xotin-qizlar va turli ijtimoiy qatlam vakillari qamrab olindi.

“Yashil makon”, “Eko-bog‘”, “Deputat bog‘i” loyihalari doirasida  399 ta aksiya o‘tkazilib, 92 703 tup manzarali va mevali ko‘chatlar ekildi. 272 ta “Tozalik haftaligi”, “Eko-shanba” va “Plogging” aksiyalari o‘tkazilib, hududlar 16 ming tonnadan ortiq chiqindilardan tozalandi.

Tadbirda Murojaatnomada belgilangan strategik yo‘nalishlarga muvofiq O‘zbekiston Ekologik partiyasi hamda partiya fraksiyasi oldida turgan ustuvor vazifalar belgilab olindi.

O‘zbekiston Ekologik partiyasi tashkil etilganining 7 yilligi munosabati bilan hududiy partiya tashkilotlari faoliyatini baholash va ilg‘or tajribalarni rag‘batlantirishga bag‘ishlangan taqdirlash marosimi ham o‘tkazildi. 

Unda so‘zga chiqqanlar partiya tizimida samaradorlikni oshirishda sog‘lom raqobat muhitini kuchaytirish va hududiy partiya tashkilotlarining tashabbuskorligini qo‘llab-quvvatlash muhim ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladi. Shundan so‘ng 2025 yilda tegishli hududlarda namunali faoliyat yuritgan O‘zbekiston Ekologik partiyasining tuman va shahar partiya tashkilotlari raislari munosib taqdirlandi. 

Tadbirda partiya tizimining raqamlashtirilishi, boshqaruvda zamonaviy axborot texnologiyalarining joriy etilgani va reyting tizimi orqali faoliyatni baholash mexanizmi shaffof tarzda amalga oshirilayotgani qayd etildi. Bu tizim hududiy partiya tashkilotlari ishini baholash, samaradorlikni oshirish va ilg‘or tajribalarni ommalashtirishga xizmat qilayotgani qayd etildi.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.