O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 26 dekabr kuni Oliy Majlis va xalqqa yo‘llagan Murojaatnomasi mamlakatimiz rivojlanishi uchun muhim strategik dastur sifatida xalqimiz orasida keng targ‘ib etilmoqda. Urganch tumanida uning mazmun-mohiyatini aholiga yetkazish maqsadida tadbir tashkil etildi.
O‘zbek-turkman do‘stlik uyida o‘tkazilgan tadbirda Murojaatnomada belgilangan ustuvor yo‘nalishlar mamlakatimizda ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotni ta’minlash, belgilangan vazifalarni mahallalarda samarali amalga oshirish yo‘llari muhokama qilindi.
Davlatimiz rahbarining Murojaatnomasida belgilangan 2026 yilda amalga oshiriladigan eng muhim vazifalar, ayniqsa 6 ta ustuvor yo‘nalish asosida tashkil etiladi.

So‘zga chiqqan O‘zbekiston mahallalari uyushmasi viloyat boshqarmasi boshlig‘i va boshqalar Prezident Murojaatnomasida mahalla jamiyatning tayanch bo‘g‘ini sifatida e’tirof etilgani, mamlakat taraqqiyoti, ijtimoiy barqarorlik va inson farovonligi aynan mahalladan boshlanishini qayd etdi.
– Prezident Murojaatnomasi yoshlar uchun yangi imkoniyatlar va aniq vazifalarni belgilab berdi, – deydi Anjirchi mahallasi yoshlar yetakchisi Amirxon Safoyev. – Undan kelib chiqib mahallamizdagi ishsiz yoshlarning bandligini ta’minlash, ularni tadbirkorlikka jalb qilish va aholi o‘rtasida kambag‘allikni qisqartirishga alohida e’tibor qarataman. Prezident 2026 yilni “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e’lon qildi. Demak, mahallalarimiz qudrati, tinchligi va faol aholi ishtiroki yoshlar uchun yangi imkoniyatlar yaratadi. Murojaatnomaning mazmunini o‘z mahallamda ham har kuni muhokama qilib. o‘rganib bormoqdamiz.

Tadbir ishtirokchilari Prezident Murojaatnomasida belgilangan vazifalarning aholi turmushi va ijtimoiy farovonlik, davlat xizmatlari samaradorligiga bo‘lgan ta’sirini alohida ta’kidlab, uni joylarda keng targ‘ib qilishga kelishib olindi.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov(surat),
O‘zA muxbirlari