Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Murojaatnoma: yoshlar – davlat siyosatining markaziy kuchiga aylanadi
15:26 / 2025-12-27

Munosabat

Bugun taraqqiyotning har bir jabhasida, davlatning ertangi kunini belgilashda yoshlarning bilim va salohiyati hal qiluvchi ahamiyat kasb etmoqda. Davlatimiz rahbarining kecha Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasida ham yoshlar masalasi alohida o‘rin egalladi. 

Xususan, Murojaatnomada mamlakat aholisining katta qismini yoshlar tashkil etishi, ular nafaqat demografik salmoq, balki innovatsiya va ijodiy g‘oyalar manbai ekanligi ta’kidlandi. Shu bois, davlat siyosatining markazida yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va ular uchun barcha imkoniyatlar yaratish ustuvor vazifa sanaladi. Sababi, yoshlarning bilim olish, mehnat qilish, sport va ijtimoiy faollik sohalarida teng imkoniyatlar bilan ta’minlanishi mamlakatning barqaror rivojlanishiga katta ta’sir ko‘rsatadi.

Shu o‘rinda aytib o‘tish joizki, bugungi kunda ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar yoshlar uchun keng imkoniyatlar eshigini ochmoqda. Maktabgacha ta’limdan tortib, oliy ta’lim muassasalariga qadar zamonaviy metodlar va raqamli texnologiyalar qo‘llanilmoqda. Ayniqsa, xalqaro olimpiadalarda yoshlarimizning yuqori natijalarga erishishi, ularning intellektual salohiyati tobora rivojlanayotganidan dalolat beradi. Bu esa mamlakatda bilim va iqtidorni qadrlash siyosati samarali amalga oshirilayotganini ko‘rsatadi.

Sport va madaniyat sohalari ham yoshlarning rivojlanishida muhim ahamiyatga ega. Prezident Murojaatnomasida ta’kidlanganidek, milliy terma jamoalarning xalqaro musobaqalardagi yutuqlari yoshlarimizda vatanparvarlik hissini kuchaytirmoqda. Shu bilan birga, turli ijtimoiy va madaniy loyihalar yoshlarning jamiyatdagi faolligini oshirishga xizmat qiladi. Masalan, teatr, kino, kitobxonlik va boshqa ma’naviy va badiiy yo‘nalishlardagi loyihalar ularning ijodiy salohiyatini namoyon etmoqda.

Qolaversa, yoshlarning tadbirkorlik va innovatsion salohiyati ham Murojaatnomada alohida e’tirof etilgan. Davlat rahbari startaplar va kichik biznesni rivojlantirish, zamonaviy texnologiyalar, sun’iy intellekt va raqamli iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha bir qator tashabbuslarni bildirdi.

Bu yo‘nalishda yoshlar faol ishtirok etishi bilan mamlakat iqtisodiyoti yanada raqobatbardosh va innovatsion bo‘lib shakllanadi. Shu bilan birga, kasbiy va oliy ta’lim muassasalaridagi ta’limning amaliyotga yo‘naltirilishi zamonaviy mehnat bozori talablariga javob beradigan kadrlarni tayyorlash imkonini beradi.

Yoshlar masalasidagi yana bir muhim jihat bu – ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashdir. Murojaatnomada aholi farovonligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar yoshlar uchun ham samarali ekani qayd etilgan. Kambag‘allik darajasining qisqarishi, oliy ta’limda grantlar va stipendiyalar hamda sport va madaniyat uchun subsidiyalar yoshlarning imkoniyatlarini kengaytiradi va o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun sharoit yaratadi.

Umuman  olganda,  2026 yilda yoshlar faolligini oshirish, xususan, xotin-qizlar va yoshlar tadbirkorligi uchun 43 trillion so‘m mablag‘ ajratilib, “raqamli startaplar” dasturi kengaytiriladi, startap g‘oyasidan to eksportgacha ko‘maklashadigan yangi tizim yo‘lga qo‘yiladi. Jumladan, xususiy startap markazlarini tashkil etish uchun Yoshlar jamg‘armasidan besh yil muddatga 5 milliard so‘mgacha foizsiz ssudalar berilishi ko‘plab yoshlar ko‘nglidan joy oldi.

Eng muhimi ushbu tashabbuslar, yoshlarni faol fuqarolik orqali ijtimoiy loyihalarda ishtirok etish va mamlakat taraqqiyotiga hissa qo‘shishga chorlaydi. Bu esa yoshlarning faqat ta’lim va sport bilan cheklanmasdan, ijtimoiy, innovatsion va siyosiy sohalarda ham ishtirok etishini ta’minlaydi. Shuningdek, mahalla va jamoatchilik tizimlari orqali yoshlar jamiyatning turli sohalarida tajriba to‘plash imkoniga ega bo‘lmoqda.

Bir so‘z bilan aytganda, 2026 yilda yurtimiz yoshlarining har tomonlama yetuk kadr bo‘lib, ta’lim-tarbiya olishlari uchun barcha sharoit yaratib beriladi. Bu boradagi ishlarning o‘z vaqtida va samarali amalga oshirilishi esa biz, parlament a’zolarining doimiy e’tiborida bo‘ladi.

Mavluda ADHAMJONOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining

Ekologiya va atrof-muhitni

muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi a’zosi.

O‘zA