English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Murojaatnoma: Yangi O‘zbekistonda zamonaviy davlat boshqaruvini tashkil etish istiqboli belgilab berildi
09:52 / 2026-01-25

So‘nggi yillarda mamlakatimiz o‘zini xalqaro iqtisodiy va siyosiy munosabatlarning to‘laqonli sub’ekti sifatida namoyon qilishga dadil intilmoqda.

Zero, bugun xalqaro maydonda ro‘y berayotgan siyosiy o‘zgarishlar davlatlar o‘z mustaqilligini muntazam mustahkamlash, ichki va tashqi siyosatni zamon talabiga mos tarzda takomillashtirib borishni taqozo qilmoqda. Uchinchi ming yillikning dastlabki yillarida yuz bergan evrilishlar fuqarolik jamiyati faol rivojlanishi va mustaqil institut sifatida shakllanishiga xizmat qiladi. Shu ma’noda endilikda davlatimiz fuqarolarni radikal kayfiyatga asoslangan byurokratiyadan himoyalovchi faol ijtimoiy siyosat yuritishni maqsad qilganiga guvoh bo‘lish mumkin.

Davlat boshqaruvining zamonaviy modellarini yaratish jarayonida jahon amaliyotini o‘rganish va tahlil qilish alohida ahamiyat kasb etadi. Shu bois XIX asr oxirlarida dunyo mamlakatlari o‘z taraqqiyot yo‘lini belgilashda davlat boshqaruvini qiyosiy tahlil qilishga alohida e’tibor qarata boshlaganlar.

So‘nggi o‘n yilliklar davomida Yevropaning aksar davlatlari qator ma’muriy islohotlar doirasida o‘zaro yakdil yondashuvga ega bo‘lish va jipslashishga muvaffaq bo‘lgan. Islohot izchil modernizatsiya, samaradorlik va taraqqiyotni ta’minlash hamda inqirozni boshqarishning demokratik asosini yaratish kabi maqsadlarni ko‘zlagan. Garchand, davlat boshqaruvini isloh qilish jarayoni YeI doirasida amalga oshirgan bo‘lsa-da, ko‘p yurtlar uzoq muddatli strategik maqsad va manfaatga asoslangan milliy siyosat yuritish yo‘lidan shahdam odimlamoqda. Natijada strategik islohotlarning amaliy ijrosi ta’minlanmoqda.

Xususan, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar natijasi o‘laroq, mavjud modellarga xos unsurlarni o‘zaro uyg‘unlashtirish asnosida davlat boshqaruvining “mukammal modeli”i yaratilmoqda. Fikrimizning yorqin dalili sifatida davlat boshqaruvining diyorimizga xos milliy xususiyatlariga to‘xtalamiz. Masalan, “Yaxshi boshqaruv” modelining muhim elementi sifatida “yaxshi” davlat boshqaruvi konsepsiyasi amalga oshirilmoqda. Qonunchilik tizimli ravishda soddalashtirilib, davlat boshqaruvi bilan bog‘liq vakolat va funksiyalar bosqichma-bosqich fuqarolik jamiyati institutlariga o‘tkazilyapti. Davlat xizmatlarini ko‘rsatish samadorligi oshirilishi, davlat boshqaruviga oid “yangi” modelning muhim elementi va vositasi sifatida davlat-xususiy sheriklik rivojlantirilishi, davlat idoralari va fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasidagi bog‘liqlikni ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Qonunchilikni tartibga solishga dahldor tizimlarning o‘zaro ta’siri va bog‘liqligi kuchaytirilib, izchil tarzda “elektron hukumat” konsepsiyasi ishga tushirildi. Elektron tarzda davlat xizmati ko‘rsatish ko‘lami, salmog‘i oshirilishi, davlat boshqaruvini tashkil etishda shaffoflik va oshkoralik talabiga nisbatan ustuvorlik berilishi, ijtimoiy sohaga oid islohotlar doirasida jamoatchilik manfaatini e’tiborga olish hamda bu borada jamoatchilik bilan aloqalarni davomli tarzda mustahkamlab borish shular jumlasidan.

2025 yil 26 dekabr kuni Prezidentimiz Oliy Majlisga va xalqqa qilgan murojaatnomasi chog‘ida asosiy e’tiborni fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirish masalasiga qaratgani bejiz emas. Zero, mahalliy boshqaruv va o‘zini-o‘zi boshqarish organlari faoliyatining uzviyligi va mustaqilligini ta’minlamay turib, davlat ravnaqi va taraqqiyotiga erishib bo‘lmaydi. Fuqarolik jamiyati o‘zini-o‘zi boshqarish tizimi sifatida faoliyat yuritsa-da, davlat boshqaruvi alohida ahamiyatga egaligini inkor etmaydi. Bunda boshqaruv sub’ektlarining ma’muriy faoliyatga doir faolligida nisbatan pasayish kuzatilib, o‘zini o‘zi boshqarish va o‘zini o‘zi tashkil etishga doir tamoyil va chegaralar belgilab olinadi.

Jahon amaliyotida demokratiyaning vakillik modeli samaradorlik namoyon etib keladi. Bunda fuqarolarning o‘z-o‘zini tashkil etish uyushmalariga asos solish borasidagi tashabbusi davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi. Mavjud hamkorlikning ko‘rinishlaridan biri sifatida “Mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish borasidagi Yevropa xartiyasi” misol bo‘la oladi. Mahalliy hokimiyat detsentralizatsiyalashishi vakolatning bir qismini mahalliy jamoalarga o‘tkazish imkonini beribgina qolmay, o‘zini-o‘zi boshqarish tizimi samaradorligini oshirishga ham xizmat qiladi. Davlatimiz rahbari shu masalaga to‘xtalar ekan, “boshqaruv tizimi sifatini oshirishda “Xalq davlat organlariga emas, balki davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak” degan asosiy tamoyilni amalda to‘liq ta’minlash bo‘yicha hali ko‘p ish qilishimiz zarur, deya ta’kidladi.

Gegel ta’kidlaganidek, fuqarolik jamiyati institutlari faoliyati davlat ravnaqining ajralmas qismi hisoblanadi. Uning fikricha, “Fuqarolik jamiyatining ravnaqi davlat ravnaqidan keyingi bosqichda yuz bersada, davlatning kelgusidagi faoliyati shu tarkibda mustaqil tarzda faoliyat yurituvchi institutlarga bog‘liq”. Ya’ni, Gegel fuqarolik jamiyati inson faoliyatini tartibga solishda o‘ziga xos o‘rin tutgan davlatning o‘rnini bosa olmasligini ham bildirib o‘tgan. Olim fuqarolik jamiyati institutlari davlat hokimiyati legitimligini ta’minlashda muhim o‘rin egallashiga ham e’tibor qaratadi. Zero, davlat darajasidagi milliy manfaat bilan bir qatorda, shaxsga doir manfaatlar ham ustuvor ahamiyat kasb etadi.

Fuqarolik jamiyatiga oid Gegel paradigmasiga muvofiq, mavjud muhitda ikki kuch o‘zaro ta’sir doirasiga ega bo‘lib, har biri davlat salohiyatini mustahkamlashda qarama-qarshi faoliyat yuritadi: har ikkisi zamonaviy jamiyatning tarkibiy qismlari hisoblanadi.

Shunday ekan, O‘zbekiston Respublikasida davlat boshqaruvini amalga oshirishda fuqarolik jamiyati institutlarini takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilishi kun tartibidan muhim o‘rin egallashi tabiiy. Mamlakatimizda 2026 yilga “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” nomi berilishi yuqoridagi fikrimizni tasdiqlaydi. Davlatimiz rahbari masalaning mohiyatiga e’tibor qaratar ekan, har tomonlama mukammal va samarali boshqaruv tizimini yaratish – oldimizda turgan ulkan vazifalarni bajarishning asosiy sharti ekaniga urg‘u berdi.

Bir so‘z bilan aytganda, 2026 yil davlat va jamiyat boshqaruviga, ijtimoiy sohaga raqamli texnologiyalar keng joriy etilib, natijadorlikni oshirish, shuningdek aholi turmush darajasini munosib tarzda yuksaltirib borish masalalari kun tartibidan muhim o‘rin egallashi davlat ravnaqiga xizmat qilishi shubhasiz.

Durdona Madaminova,

Toshkent davlat yuridik universiteti

Davlat boshqaruvi sho‘’basi professori v.b.

O‘zA