Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Murojaatnoma — Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining ustuvor yo‘nalishlarini belgilab beruvchi muhim siyosiy-institutsional amaliyot
10:25 / 2026-01-23

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan Oliy Majlis ilk bora Murojaatnomasi 2017 yil 22 dekabr kuni taqdim qilingan.

Keyingi yillarda Murojaatnoma amaliyoti an’anaviy ko‘rinish olib, davlat boshqaruvida hisobdorlik, ochiq muloqot va strategik rejalashtirishning muhim elementiga aylandi. Keyinchalik Murojaatnomada “Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga” degan ifoda qo‘llanishi ushbu amaliyotning institutsional kengayishdan dalolatdir.

Murojaatnoma o‘tgan davrdagi natijalarni sarhisob qilish, keyingi davr uchun rivojlanishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash, qisqa va o‘rta muddat uchun maqsad hamda vazifalarni tizimlashtirishda dasturulamal bo‘lib xizmat qilmoqda.

Murojaatnoma institutining rivojlanishi 

2017 yilgi dastlabki Murojaatnomada markaziy tamoyil sifatida davlat boshqaruvi xalq bilan muloqotga asoslanishi, “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” tamoyili esa asosiy mezon bo‘lishi kerakligi ko‘rsatilgan.
Shuningdek, noreal raqamlar ortidan quvish masalasi tanqid qilinib, amaliy natijadorlik va inson manfaati bosh maqsad sifatida belgilab berilgan.
2018 yilgi Murojaatnomada 2019 yilni “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” deb nomlash taklif qilingan hamda investitsiya iqtisodiyotning “yuragi” sifatida ta’riflangan.

2019–2020 yillardagi Murojaatnomalarda “yangi o‘n yillik” va 5 yillik strategik gorizont, ikkinchi tomondan pandemiya sharoitida inqirozga qarshi choralar va ijtimoiy himoya mexanizmlari keng yoritilgan.

2022 yilgi Murojaatnoma “inson qadri” tamoyili, konstitutsiyaviy islohotlar va 2023 yilga “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili” deb nom berish taklifi bilan o‘ziga xos ahamiyat kasb etgan.

2025 yilda Davlatimiz Rahbari o‘z nutqida “mahalla” (49 marotaba), “aholi” (35), “iqtisodiyot” (28), “bozor” (26) va “texnologiya” (22) so‘zlaridan keng foydalanilgan.

Tahlillar iqtisodiy rivojlanish, ijtimoiy yordam, tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash, xalq farovonligini oshirish, yurt tinchligi va osoyishtaligini mustahkamlash kabi masalalar so‘nggi yillardagi Murojaatnomalarning ajralmas qismi bo‘lganini ko‘rsatadi. 2025 yildagi Murojaatnomada “mahalla” jamiyatimizning istiqboldagi rivoji uchun muhim yo‘nalish sifatida belgilab berildi.

2025 yilgi Murojaatnoma: mahalla va nomarkazlashtirish ustuvor yo‘nalish 

Mahalla o‘zbek jamiyatida azaldan o‘zaro yordam, hamjihatlik, tarbiya va murosaning “tirik mexanizmi” bo‘lib kelgan. Bugun esa u “inson – jamiyat – davlat” zanjiridagi eng yaqin va ta’sirchan boshqaruv bo‘g‘ini sifatida qayta ta’riflanmoqda. Bu yondashuvning mohiyati oddiy bo‘lib, odamlarning muammosi qayerda paydo bo‘lsa, uning yechimi ham o‘sha joyda, ya’ni mahallada topilishi kerak, degan mazmunni ifodalaydi.

Murojaatnomada davlat siyosati natijasini baholash uchun aniq mezon belgilab berildi. U ham bo‘lsa, fuqarolar islohotni raqamlarda emas, balki mahalladagi ijtimoiy o‘zgarishlar – uy-joy, ichimlik suvi, elektr, transport, bog‘cha, maktab va poliklinikadagi sharoit orqali his qilishi kerak.

Shu ma’noda, 2025 yilda infratuzilma sohasida amalga oshirilgan ishlar e’tiborga molik. Jumladan, 188 ta mahalladagi 715 ming aholi yashaydigan xonadonlarga birinchi marta toza ichimlik suvi yetkazildi, yana 2,3 million nafar aholining suv ta’minoti yaxshilandi. Shuningdek, 867 ta “og‘ir” mahalladagi 470 mingta xonadon tomorqasini sug‘orish uchun ilk bor suv bilan ta’minlashga erishildi.

Mahallada infratuzilma muammolarini tez va samarali hal qilish uchun moliyaviy mustaqillik hal qiluvchi ahamiyatga ega. Shu bois 2026 yilda 33 ta tuman va 330 ta sharoiti og‘ir mahalla tanlab olinib, ularda infratuzilma hamda tadbirkorlikni bir vaqtning o‘zida rivojlantirish uchun 8,5 trillion so‘m mablag‘ ajratilishi belgilandi.

Bundan tashqari, 2026 yildan boshlab qo‘shilgan qiymat solig‘idan tushumning muayyan qismi hududlarda qoldirilishi, ortiqcha bajarilgan daromadlarning yarmi tuman budjetlariga o‘tkazilishi mahalliy tashabbuslar imkoniyatlarini yanada kengaytiradi. Shuningdek, samarasiz shtatlar qisqartirilishi hisobiga tumanlar budjetlarida yiliga 5 trln so‘mlik qo‘shimcha manba shakllanishi kutilmoqda.

Iqtisodiy va ma’naviy taraqqiyot uyg‘unligi

Mahalla faqat iqtisodiy loyihalar maydoni emas, balki jamiyatning ma’naviy-tarbiyaviy muhitini shakllantiradigan muhim ijtimoiy kapital manbai bo‘lib ham hisoblanadi. Shu bois, xotin-qizlarni sportga jalb etish bo‘yicha uch yillik dastur qabul qilinib, bu yo‘nalishga 1 trln so‘m ajratilishi, maktab kutubxonalarini har yili 10 mln dona badiiy adabiyot bilan ta’minlash rejalashtirilgan.

Albatta, yangi vakolat va resurslar bilan birga mas’uliyat ham ortadi. Mablag‘larni samarali va adolatli taqsimlash, takrorlanishlarning oldini olish, ochiqlik va jamoatchilik ishonchini saqlash bu jarayonda hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.

Xulosa qilib aytganda, 2026 yil uchun belgilab berilgan vazifalar mahallani davlat siyosatidagi eng muhim “natijalar maydoni”ga aylantirmoqda.

Darhaqiqat, mahalla tinch va ahil bo‘lsa, jamiyatda ishonch va birdamlik mustahkamlanadi. Resurslar aniq loyihalarga maqsadli yo‘naltirilsa, infratuzilma yaxshilanadi, aholining daromadi ortadi. Shu ma’noda, mahalla Yangi O‘zbekiston qiyofasini shakllantirishda ham ijtimoiy birdamlik manbai, ham iqtisodiy taraqqiyotning muhim drayveri sifatida hal qiluvchi o‘rin tutadi.

Davlat Rahbarining Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasining jamiyat hayotidagi ahamiyati, eng avvalo, islohotlarning mohiyati va natijasini oddiy fuqaro hayoti bilan bog‘lashida namoyon bo‘ladi.

Asadullo Ikramov,
Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi eksperti