Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Murojaatnoma xorijliklarda ham katta qiziqish uyg‘otmoqda
20:53 / 2020-12-30

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasini davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, xorijlik ekspertlar, mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan chet ellik fuqarolar katta qiziqish bilan kutib oldi. Ushbu dasturiy ma’ruzada bildirilgan takliflar haqida xorijiy davlatlar fuqarolari o‘z fikr-mulohazalarini bildirmoqda.

Sugano Reyko, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti “Yapon filologiyasi” kafedrasi o‘qituvchisi, “Do‘stlik” ordeni sohibi (Yaponiya):

– O‘zbekistonda yoshlar ta’lim-tarbiyasiga katta ahamiyat berilayotgani juda muhim deb o‘ylayman. Ilm-fanni rivojlantirish, yangi texnologiyalarni yaratishda yoshlar eng katta kuch hisoblanadi. Shu sababli davlat grantlari asosida yoshlarning oliy ta’limga qamrovini kengaytirish ularda yangi umid uyg‘otadi, kelajakka ishonchni oshiradi.  

Prezident Shavkat Mirziyoyoyev tashabbusi bilan oliy ta’lim tizimida bosqichma-bosqich yangi islohotlar amalga oshirilishi bilimli kadrlarni yetishtirishda muhim rol o‘ynaydi. Yoshlar o‘rtasidagi sog‘lom raqobatni shakllantirishga, mamlakatda yetuk malakali mutaxassis kadrlar ko‘payishiga sabab bo‘ladi.  

Said Ahmad al-Habashiy, TDSHU “Arab filologiyasi” kafedrasi o‘qituvchisi (Misr Arab Respublikasi):

– Men O‘zbekiston Prezidentining Oliy Majlisga Murojaatini kafedramiz a’zolari bilan kuzatdim. Ayniqsa, Prezident Shavkat Mirziyoyevning “nufuzli xorijiy  universitetlar, ilmiy innovatsion markazlar bilan aloqalarni quchaytirish, ular bilan kadrlar tayyorlash bo‘yicha hamkorlikni yanada kengaytirishimiz zarur”, deb ta’kidlagani men ishlayotgan universitetda Misr Arab Respublikasi Helvon universiteti bilan olib borilayotgan hamkorlik ishlariga hamohang bo‘ldi.  

Pandemiya sharoitida TDSHUning Misrdagi nufuzli universitet bilan hamkorlik o‘rnatishi ayni muddao bo‘ldi. Shartnomaga asosan, Helvon universiteti professorlari universitetning Sharq filologiyasi va Sharq mamlakatlari iqtisodiyoti yo‘nalishidagi bakalavr va magistrlarga qiziqarli ilmiy ma’ruzalar o‘qidi, “Arab filologiyasi” kafedrasi magistrantlari diplom ishlariga ilmiy rahbarlik qilishni boshladi.  

Helvon universiteti huzuridagi innovatsion markazlar bilan Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti talabalari va uning qoshidagi litsey o‘quvchilari uchun qo‘shma darslik va o‘quv qo‘llanmalari, lug‘atlar tayyorlashni kelishib oldik.

Abbos Husayn, filologiya fanlari doktori, dotsent (Eron Islom Respublikasi):

– Prezident Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Oliy Majlisiga Murojaatnomasi barcha sohalar bo‘yicha mamlakatingiz rivojlanishini belgilab bergan dasturiy hujjat bo‘ldi. O‘qituvchi bo‘lganim va O‘zbekistonda ishlayotganim uchun ta’lim sohasiga oid yangiliklar menda katta qiziqish uyg‘otdi.  

Murojaatnomada oliy o‘quv yurtlariga qabul qilishda ehtiyojmand oilalar qizlari uchun grantlar 2 barobarga ko‘paytirilib, 2 mingtaga yetkazilishi aytildi. Bu, bir tomondan ijtimoiy himoyaning oliy ko‘rinishi. Sababi, ayol kishi kelajak avlodni tarbiyalaydi. Sharq dunyosida 2-3 nafargacha farzand ko‘rish tabiiy hol. Bu farzandlar taqdiri ayol kishining ta’lim-tarbiyasiga, saviyasiga bog‘liq. Sababi, ayol qaysi sohada bo‘lmasin, o‘qimishli, ilmli bo‘lsa, farzand tarbiyasiga o‘z ta’sirini o‘tkazadi.

Boshqa tomondan, ehtiyojmand oilalar hamisha ham farzandlarini o‘qitish imkoniyatiga ega emas. Prezidentingiz e’tirof etgan bu jihat inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha boshlangan xayrli ishlardan biri bo‘lishi shubhasiz. Ayniqsa, ayollarning davlat tashkilotlari, xususan, parlamentdagi ishtirokini oshirish bo‘yicha qator tadbirlar natijasi sifatida e’tirof etish mumkin.

Chi Daotszya, TDSHU “Xitoy filologiyasi” kafedrasi o‘qituvchisi (Xitoy):  

– Murojaatnomada “Oliygohlar va ta’lim tizimining quyi bo‘g‘inlari o‘rtasidagi uzviylikni kuchaytirish maqsadida 65 ta akademik litsey oliy o‘quv yurtlari tasarrufiga o‘tkaziladi. Shuningdek, 187 ta texnikum ham o‘z yo‘nalishi bo‘yicha turdosh oliygoh va tarmoq korxonalariga biriktiriladi”, deb qayd etildi.  

Albatta, ushbu g‘oya oliy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari akademik litseylar dars mashg‘ulotlariga jalb qilinishiga qulaylik yaratadi. Bundan tashqari, akademik litseylar faoliyatini takomillashtirish uchun xorijiy mamlakatlar ekspertlari jalb qilinishi ta’lim sifatini yaxshilash, zamonaviy axborot-kommunikatsiya va ta’lim texnologiyalarining mustahkam integratsiyasini ta’minlashga xizmat qiladi. Shu bilan birga akademik litseylar o‘quvchilarning axborot texnologiyalari bo‘yicha savodxonligini oshirish, ularni “ustoz-shogird” tamoyili asosida tegishli sohada yuqori natijalarga erishgan malakali mutaxassislarga biriktirish imkoniyatini beradi.

Fikri Aydemir, filologiya fanlari doktori, dotsent (Turkiya Respublikasi):

– “El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali chet elga magistratura va doktoranturada ta’lim olish uchun yuboriladigan talabalar chet eldan qaytganidan so‘ng ish joylarida va ular bilan birga ishlaydigan do‘stlari orasida ishga bo‘lgan munosabatda katta o‘zgarish bo‘ladi. Ya’ni, ko‘proq ilm olishga butun kuch-g‘ayrat bilan vijdonan ishlashni boshlaydi. Bu magistratura va doktoranturada keng qamrovli almashinuv bo‘yicha xayrli ishlarning dastlabki qadamlaridir.  

Mazkur almashinuv dasturi orqali bakalavriatda tahsil olishning yo‘lga qo‘yilishi maqsadga muvofiq va juda muhim qadam bo‘ladi, deb o‘ylayman. Ushbu dastur doirasida xalqaro tizimni biladigan, butun dunyo ilmlarini egallagan, jahonda bo‘layotgan o‘zgarishlardan xabardor kadrlarning O‘zbekistonni yanada yuqori pog‘onaga ko‘taradigan hamda Prezident Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, o‘zgarishlarning lokomotivi bo‘lib yetishishiga hech qanday shubha yo‘q.

Elyor Mahmudov, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektori:

– 2020 yilda Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti o‘quv jarayoniga AQSH, Niderlandiya, Rossiya, Yaponiya, Xitoy, Koreya, Hindiston, Malayziya, Misr, Turkiya, Vengriya, Eron, Indoneziya, Qozog‘iston kabi davlatlardan 63 nafar professor-o‘qituvchi va vatandoshlar jalb etildi. Qiyoslash uchun: 2019 yilda mazkur ko‘rsatkich 39 nafarni tashkil etgan. Shu bilan birga, O‘zbekistondagi xorijiy davlatlar elchixonalari xodimlari bilan talabalar uchun tizimli darslar yo‘lga qo‘yildi.  

Yakunlanayotgan yilda universitetimizda tahsil olayotgan xorijiy talabalar, doktorant va stajyorlar soni 73 nafarni tashkil etdi, bu o‘tgan yilga nisbatan 1,8 marta ko‘p. Ushbu ko‘rsatkichlar pandemiya sharoitida ham ta’lim-tarbiya izchil rivojlanganidan dalolat.

Prezidentimizning parlamentga Murojaatida ta’lim tizimi, jumladan, oliy ta’limning qamrovi va sifatini oshirishga alohida e’tibor qaratildi. Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti davlatimiz rahbari tomonidan belgilangan vazifalarni 2021 yilda oliy o‘quv yurtimizda faoliyat ko‘rsatayotgan xorijiy mutaxassislar bilan birgalikda amalga oshirilishiga alohida e’tibor qaratadi.

O‘zA