Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Murojaatnoma: xalq va davlat birligi ifodasi
14:48 / 2025-12-27

Munosabat

Prezidentimizning Oliy Majlis va xalqimizga yo‘llagan navbatdagi Murojaatnomasi mamlakatimizning so‘nggi yillarda bosib o‘tgan taraqqiyot yo‘lini chuqur tahlil qilish, erishilgan natijalarni baholash va kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalarni belgilab berishi bilan alohida ahamiyat kasb etdi.

Sababi, ushbu Murojaatnoma nafaqat mamlakatimizda so‘nggi yillarda amalga oshirilgan islohotlarni tahlil qilish, erishilgan yutuqlarni baholash, balki kelajak uchun aniq yo‘nalishlar va vazifalarni belgilashga xizmat qiladi.

Jumladan, Prezidentimiz o‘z nutqi avvalida so‘nggi to‘qqiz yil ichida mamlakatimizda amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlarga to‘xtalib, iqtisodiyotni tubdan yangilash, bozor munosabatlarini joriy etish, ijtimoiy himoya tizimini kuchaytirish va qonun ustuvorligini ta’minlash borasida katta yutuqlarga erishilganini alohida ta’kidladi. 

Murojaatnomada jahondagi murakkab geosiyosiy va iqtisodiy vaziyat, xavf-xatarlar ortib borayotgan sharoitda O‘zbekiston barqaror rivojlanish yo‘lini saqlab qolgani alohida qayd etildi. Xalqimizning birdamligi, yoshlarning g‘ayrat-shijoati, mahallaning jamiyatdagi o‘rni mustahkamlanishi va tadbirkorlarning faolligi tufayli 2025 yil mamlakatimiz uchun ulkan yutuqlar yili bo‘ldi. Ayniqsa, iqtisodiy o‘sish sur’atlari barqarorligi, eksport hajmi oshishi, oltin-valyuta zaxiralari rekord darajaga yetishi O‘zbekiston iqtisodiyotining ishonchli asosga ega ekanini ko‘rsatadi.

Davlat rahbari ta’kidlaganidek, mamlakatimiz tarixida ilk bor yalpi ichki mahsulot hajmi 145 milliard dollardan oshishi xalqimizning ulkan salohiyati va mehnatsevarligining yaqqol namunasidir. Shu bilan birga, xalqaro reyting agentliklari tomonidan O‘zbekistonning suveren reytingi ko‘tarilgani mamlakatimizga bo‘lgan ishonch yanada mustahkamlanayotganini anglatadi. Bu esa investitsiya muhitini yaxshilash, tashqi moliyaviy resurslarni arzonroq jalb qilish uchun keng imkoniyatlar ochadi.

Shu bilan birga, Murojaatnomada aholi farovonligini oshirishga qaratilgan ijtimoiy islohotlarga ham alohida to‘xtalib o‘tildi. Kambag‘allik darajasining sezilarli darajada qisqarishi, millionlab insonlarning daromadli bo‘lishi, “kambag‘allikdan xoli mahallalar” sonining ortishi davlat siyosatining samarali ekanini ko‘rsatadi. Ayniqsa, bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish, inklyuziv ta’limni joriy etish, ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash kabi chora-tadbirlar jamiyatda ijtimoiy adolat va teng imkoniyatlar tamoyilini mustahkamlamoqda.

Ta’lim, ilm-fan, sport va madaniyat sohalarida erishilgan yutuqlar ham Murojaatnomada alohida e’tirof etildi. Yoshlarimiz xalqaro olimpiadalar, jahon chempionatlarida yuqori natijalarni qo‘lga kiritayotgani Yangi O‘zbekistonning intellektual va ma’naviy salohiyati ortib borayotganidan dalolat beradi. Ayniqsa, futbol bo‘yicha milliy terma jamoamizning ilk bor jahon chempionatiga chiqqani butun xalqimiz uchun tarixiy voqea bo‘ldi.

Murojaatnomadagi muhim jihatlaridan yana biri – mahalla institutiga berilgan alohida e’tibordir. Davlat rahbari 2026 yilni – Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili, deb e’lon qilishni taklif etib, mahallaning ijtimoiy birdamlik, tarbiya va fuqarolik faolligini oshirishdagi o‘rnini chuqur asoslab berdi. Xususan, mahalla tinch bo‘lsa – jamiyat tinch, mahalla rivojlansa – mamlakat yuksaladi, degan g‘oya butun Murojaatnomaning ma’naviy o‘zagini tashkil etadi.

Qolaversa, iqtisodiyotni texnologik va innovatsion rivojlanish modeliga o‘tkazish, “yashil” energetika, raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt, startaplar va venchur moliyalashtirishni rivojlantirish bo‘yicha bildirilgan tashabbuslar O‘zbekistonning kelgusi o‘n yilliklarda raqobatbardosh davlatga aylanishiga xizmat qiladi. Shuningdek, kasbiy ta’limni tubdan isloh qilish, texnikumlar va oliy ta’lim muassasalarini xalqaro standartlar asosida rivojlantirish orqali zamonaviy mehnat bozori talablariga javob beradigan kadrlar tayyorlash ustuvor vazifa sifatida belgilandi.

Shuningdek, Murojaatnomada sud-huquq tizimini isloh qilish, davlat boshqaruvini raqamlashtirish, korrupsiyaga qarshi kurashni keskin kuchaytirish masalalari ham qat’iy va aniq pozitsiya bilan bayon etildi. 

Xulosa qilib aytganda, Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasi – bu faqat yillik hisobot emas, balki Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lidagi aniq reja, xalq bilan ochiq muloqot va kelajakka ishonch bilan qarash ifodasidir.

Ushbu Murojaatnoma har bir fuqaroni Vatan taraqqiyotiga daxldorlik ruhida yashash, mas’uliyat bilan mehnat qilish va birdamlikda harakat qilishga chorlaydi. Shubhasiz, belgilab berilgan ustuvor vazifalar amalga oshirilsa, O‘zbekiston yaqin yillarda daromadi o‘rtadan yuqori bo‘lgan, zamonaviy va farovon davlatlar qatoriga qo‘shiladi.

Dilrabo XOLBOEVA,

                             Oliy Majlis Qonunchilik palatasining

 Agrar va suv xo‘jaligi

masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari.

O‘zA