Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Murojaatnoma targ‘ibotiga bag‘ishlandi
15:46 / 2021-02-11

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Buxoro viloyati Kengashi tashabbusi bilan Kogon shahrida “Yangi O‘zbekistonni bunyod etishda Prezidentimizga va xalqimizga kamarbastamiz” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Unda partiya faollari, deputatlar, tadbirkorlar, bank xodimlari va yoshlar qatnashdi.  

Tadbir Prezidentimizning respublika Oliy Majlisi, jamoatchiligimiz, butun xalqimizga yo‘llagan Murojaatnomasi targ‘ibotiga bag‘ishlandi.  

Davra suhbatida 2021 yilning mamlakatimizda “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” deb e’lon qilinishi va bu borada tegishli muddatda davlat dasturi ishlab chiqilganligi ta’kidlandi. Partiya xodimlari tomonidan Davlat dasturi asosida tizimli ishlar amalga oshirilayotganligi aytib o‘tildi.

Yig‘ilishda ta’kidlanishicha, Kogon shahar aholisining (61 ming 166 nafar) 30 ming 161 nafarini yoshlar tashkil qiladi. Shundan 18-30 yoshdagilar 10 ming 4 nafardan iborat.

Xatlov natijasida 1 ming 339 nafar bandligi ta’minlanmagan yoshlar aniqlangan. Ularning 43 nafari kasb-hunarga, 123 nafari tadbirkorlik qilish, 70 nafari chet elda ishlash, 797 nafari turli sohalarda ishlash istagini bildirgan.

“Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarning faqat 10 nafari kasb-hunarga, 12 nafari tadbirkorlikka o‘qitilgan. 101 nafar yoshlarning bandligi ta’minlangan. Shundan 1 ming 33 nafari ishlash istagini bildirgan.  

– bugungi davra suhbatida partiya xodimlari tomonidan Murojaatnomada yoshlar yo‘nalishida keltirilgan masalalarga alohida urg‘u berildi, – deydi Suhrob Rahmonov. 

– Davlat rahbarining yoshlarga bo‘lgan e’tibori natijasida Kogon shahrida ham ko‘plab amaliy ishlar qilinmoqda. Ayniqsa, yoshlarning bandligini ta’minlash va tadbirkorlik tashabbuslari, yangi g‘oyalari va sa’y-harakatlari qo‘llab-quvvatlanmoqda. Bunday tadbirlar yoshlarni yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlardan xabardor etib, ularning siyosiy savodxonligini oshirishda xizmat qiladi.  

Tadbirda partiya xodimlari va mutaxassislar tomonidan yoshlarni biznes loyihalarini kreditlash, ularni kasb-hunarga yo‘naltirish, ta’lim sifatiga e’tibor qaratish, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha berilgan savollarga batafsil javob berildi.  

 

Zarif Komilov, O‘zA