Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Murojaatnoma tadbirkorlikni rivojlantirishning taraqqiyot omillarini belgilab berdi
16:28 / 2021-01-22

Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni, xorijiy sarmoyadorlarni qo‘llab-quvvatlash, sohada qulay ishbilarmonlik muhiti yaratishning muhim vazifalari belgilab berilgani mamlakatimizda xususiy sektorni har taraflama rivojlantirishga qaratilayotgan yuksak e’tiborning yana bir namunasi bo‘ldi.

Jumladan, to‘rt yil oldin tadbirkorlik sub’ektlarida tekshirishlar o‘tkazishga e’lon qilingan moratoriy muddati yana bir yilga uzaytirildi. Tadbirkorlik kodeksini ishlab chiqish g‘oyasi ilgari surildi. O‘tgan qisqa yillarda tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq besh mingga yaqin normativ-huquqiy hujjatlar qayta ko‘rib chiqilib, ko‘plab to‘siqlar olib tashlandi. Tadbirkorlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish yangi bosqichga ko‘tarilgani keyingi yillarda sohada amalga oshirilgan xalqchil islohotlar samarasidir.

Davlatimiz rahbarining 2019 yil 14 maydagi “Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va himoya qilish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bu boradagi ishlar samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda. Mazkur hujjat ijrosi doirasida yurtimizning chekka hududlarida ham O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonasi faoliyati yo‘lga qo‘yilgani sohada duch kelinayotgan muammolarni bartaraf etishga yaqindan ko‘maklashayotir.

Tumanimizdagi O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonasi tomonidan tadbirkorlik sub’ektlarining murojaatlarini qabul qilish, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishini ta’minlash, tadbirkorlikni rivojlantirishga to‘sqinlik qilayotgan muammoli masalalarni ko‘rib chiqish va mavjud byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish bo‘yicha keng qamrovli ishlar olib borilayotgani bunga yaqqol dalildir. Eng muhimi farmon talablariga ko‘ra, Bosh vazir qabulxonasiga kelib tushgan murojaatlar vakolatli organlar tomonidan 7 kunlik muddatda ko‘rib chiqilishi belgilab qo‘yilgan. Shunga muvofiq yakunlangan yilda Muzrabot tumanidagi Bosh vazir qabulxonasi orqali ro‘yxatga olingan 333 ta murojaatda aks etgan 398 ta masala belgilangan muddatda ko‘rib chiqildi.

Murojaatlar tahlil qilinganida, 168 tasi bank kreditlari, 59 tasi yer uchastkalarini ajratish, 23 tasi infratuzilma tarmoqlariga ulanish, 13 tasi ruxsatnoma va litsenziya, 12 tasi soliq , uchtasi bino ajratish va 120 tasi boshqa masalalar bilan bog‘liq bo‘ldi. Ularning 237 tasi qanoatlantirilib, 161 tasiga huquqiy tushuncha berildi. Murojaatlarning 82 tasi bevosita qabulxonaga kelish orqali, 193 tasi “ishonch telefoni” orqali, bittasi business.gov.uz portali va 57 tasi sayyor qabullar chog‘ida kelib tushgan.

O‘tgan yili kelib tushgan tadbirkorlar murojaatlarining 165 tasi yoki 41,5 foizi tuman, 218 tasi yoki 54,8 foizi viloyat, 3,8 foizi respublika darajasida o‘z yechimini topdi. Ayni paytda har bir murojaat alohida nazoratga olinib, tegishli mas’ullar jalb etilgan holda hal etilayotgani o‘z natijasini bermoqda. Xususan, Muzrabot tumanidagi Bosh vazir qabulxonasiga “Dilafruz agro olam” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari J.Javboyevning murojaatidan so‘ng Dehqonobod mahallasi hududidan issiqxona kompleksi tashkil etish loyihasi uchun ATB “Mikrokreditbank” Muzrabot tuman filiali bir milliard so‘m kredit, “Ilyos Sharif” xususiy korxonasi rahbari I.Ilyosovning murojaatiga ko‘ra, tadbirkorning “Temir va yog‘ochga ishlov berish” loyihasini amalga oshirishi uchun ATB “Asakabank” Termiz filiali tomonidan 200 million so‘m imtiyozli kredit mablag‘lari ajratildi. “Bilol savdo servis” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari H.Panjiyevning murojaati o‘rganilib, tuman davlat soliq inspeksiyasi tomonidan 120 million so‘m qo‘shilgan qiymat solig‘i summasi o‘rni qoplab berildi.

O‘tgan yili shuningdek, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, hunarmandchilik, yoshlar va ayollar bandligini ta’minlash dasturlari doirasida 80 ga yaqin jismoniy va yuridik shaxslarga o‘z biznesini boshlashi uchun tijorat banklari tomonidan imtiyozli kreditlar ajratishga ko‘maklashildi. 20 ga yaqin tadbirkorga yer ajratish, 20 ga yaqin tadbirkorning soliq to‘lovlari, litsenziya va ruxsatnomalar olish, 15 nafar kichik biznes sub’ektining infratuzilma tarmoqlariga ulanish, 14 nafar mulkdorga kompensatsiya mablag‘lari to‘lab berish va 70 ga yaqin boshqa masaladagi murojaatlari ijobiy hal etildi.

Qabulxonada faoliyatida turli byurokratik to‘siq va g‘ovlarga duch kelgan ishbilarmonlar, tadbirkorlikni endi boshlashni maqsad qilgan fuqarolarning bevosita Bosh vazir qabulxonasiga kelishi, ish joyi yoki uydan chiqmagan holda internet tarmog‘idan business.gov.uz yagona interaktiv portali yoki qisqa raqamli 1100 ishonch telefoni orqali murojaat etishi uchun barcha sharoit mavjud. Zero, Murojaatnoma tadbirkorlikni rivojlantirishning galdagi taraqqiyot omillarini belgilab berdi. Qabulxonamiz jamoasi ham bunday ulug‘vor maqsadning faol ishtirokchisi bo‘lishga bel bog‘lagan. Yil davomida ushbu hujjatda o‘z ifodasini topgan vazifalarni ro‘yobga chiqarish sohani yanada yuksaltirib, yurtimiz obodligi va aholi farovonligini ta’minlashda muhim omil bo‘ladi.  

 

Odiljon Shodmonov,  

Surxondaryo viloyati  

Muzrabot tumanidagi O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining 

Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonasi mudiri