Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar dasturida suv resurslaridan oqilona va samarali foydalanish masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. O‘zgarishlarning ilk kunlaridanoq mazkur yo‘nalish strategik ustuvor vazifa sifatida belgilanib, suv xo‘jaligi sohasini tubdan takomillashtirishga qaratilgan aniq maqsad va vazifalar ilgari surildi.
Prezidentimiz Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasida bu masalalarga alohida to‘xtalib o‘tdi.
Murojaatnomada belgilangan ustuvor yo‘nalishlar, sohani rivojlantirishga qaratilgan strategik rejalar suvchilarni yangi marralar sari ruhlantirib, ular zimmasiga yuklatilgan mas’uliyatni yanada oshirdi.
Ayni kunlarda Suv xo‘jaligi vazirligi va tizim tashkilotlari jamoalarida davlatimiz rahbarining Murojaatnomasi atroflicha muhokama qilinib, uning mazmun-mohiyati chuqur o‘rganilmoqda.

Suv xo‘jaligi vazirligi tomonidan o‘tkazilgan galdagi iqtisodiy o‘qishda Prezident Murojaatnomasi, shuningdek, jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan “O‘zbekiston - 2030” strategiyasining yangilangan loyihasi bo‘yicha mutaxassislar tomonidan batafsil tushuntirishlar berildi.
Tadbirda suv xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari Zokir Ishpo‘latov so‘zga chiqib, Prezident Murojaatnomasida ekologik muvozanatni ta’minlash, “yashil” energetikani rivojlantirish hamda suv resurslaridan oqilona foydalanish mamlakatimizni yaqin kelajakda har tomonlama yuksak taraqqiy ettirishning eng muhim olti ustuvor yo‘nalishidan biri sifatida belgilab berilganini alohida ta’kidladi. Shuningdek, mazkur vazifalarni amalga oshirish suv xo‘jaligi tizimida yangi yondashuvlar, zamonaviy boshqaruv mexanizmlari va yuqori mas’uliyat talab etishini qayd etdi.

Tadbir davomida “O‘zbekiston - 2030” strategiyasining yangilangan loyihasiga kiritilayotgan o‘zgartirishlar, uning asosiy maqsad va ustuvor yo‘nalishlari haqida atroflicha ma’lumot berildi. Taqdim etilgan ma’lumotlar ishtirokchilar tomonidan qiziqish bilan qabul qilinib, sohani uzoq muddatli rivojlantirishga doir fikr-mulohazalar bildirildi.
Shuningdek, tadbir doirasida korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalari faoliyatini yangicha tizim asosida tashkil etish, shu yo‘nalishda belgilangan vazifalarni samarali amalga oshirishga munosib hissa qo‘shgan Suv xo‘jaligi vazirligining bir guruh xodimlari Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan e’tirof etilgani ma’lum qilindi.
Tadbir yakunida bir guruh xodimlarga mazkur tashkilotning tashakkurnomalari tantanali ravishda topshirildi.
Nasiba Ziyodullayeva,O‘zA