Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Murojaatnoma: Qonun ustuvorligini ta’minlashda sud hokimiyati hal qiluvchi o‘rin tutadi
14:56 / 2021-02-02

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudida “Prezident Murojaatnomasi – yangi tarixiy o‘zgarishlarning boshlang‘ich nuqtasi” mavzuida xalqaro davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Oliy sud tomonidan Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi, BMT Taraqqiyot dasturi, YeHXT O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori va AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda Murojaatnomadagi qonun ustuvorligini ta’minlash va huquqiy davlat barpo etish borasidagi g‘oyalar haqida so‘z yuritildi.  

Murojaatnomada adolat davlatchilikning mustahkam poydevori ekani, qonun ustuvorligini ta’minlashda esa sud hokimiyati hal qiluvchi o‘rin tutishi alohida qayd etilgan.  

Anjumanda ta’kidlanganidek, davlatimiz rahbarining 2020 yil 24 iyulda qabul qilingan “Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni sud-huquq islohotlarining yangi bosqichini amalga oshirishning huquqiy asosini yaratdi.

Ya’ni, inson huquqlari to‘la-to‘kis ta’minlanishi yo‘lida O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi, Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi, Jinoyat-protsessual, Iqtisodiy protsessual hamda Fuqarolik protsessual kodekslariga sud qarorlarini qayta ko‘rish institutini takomillashtirishni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Davlatimiz rahbari tomonidan “bir sud – bir instansiya” tamoyilining ilgari surilishi sud qarorlarini qayta ko‘rish tizimida yillar davomida to‘planib qolgan muammolarning hal qilinishiga zamin yaratdi. Bir-birini takrorlaydigan sud bosqichlari qisqartirildi. Xalqaro standartlarga mos ravishda uch bosqichli sud tizimi yaratildi.  

[gallery-992]

Bu amaliyot aholi va tadbirkorlarga katta qulayliklarni yaratdi. Shuningdek, xalqaro tashkilotlar va ekspertlarning e’tiroziga sabab bo‘layotgan, odil sudlovga xos bo‘lmagan ishlarni nazorat tartibida ko‘rish amaliyoti bekor qilindi.

Endilikda sud muhokamasiga qadar sudda ishlarni dastlabki eshitish amaliyoti yangi tartib sifatida joriy etildi. Bunda ishni to‘xtatish yoki tugatishga asos yetarli bo‘lsa, sud ishni avvalgiday tergov yoki prokurorga qaytarmasdan, o‘zining yakuniy qarorini qabul qiladi.

Investorlar huquqlarini munosib himoya qilish maqsadida Oliy sudda investitsiyaviy nizolar va raqobatga oid ishlarni ko‘rish bo‘yicha maxsus sudlov tarkibi tashkil etildi. Endi yirik investorlar o‘z xohishiga ko‘ra, nizoni hal qilish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri Oliy sudga murojaat qilishi mumkin.

Tadbirda sohadagi barcha islohotlarning asosiy maqsadi – jamiyatda adolat, qonun, odil sudlovni ta’minlash, inson haq-huquqlari va erkinliklarini himoya qilishdan iboratligi alohida qayd etildi.  

Davra suhbati davomida islohotlarni amalga oshirishda parlamentning roli, qonun ustuvorligini ta’minlash va sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar va istiqboldagi vazifalar, davlat boshqaruvi tizimini yanada isloh qilish va samaradorligini oshirish masalalari muhokama etildi.  

Inson huquq va erkinliklarini ta’minlashga doir olib borilayotgan islohotlar va istiqboldagi vazifalar hamda fuqarolik jamiyati institutlarining mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlardagi o‘rni haqida atroflicha fikr almashildi.

 

Muattar Burhonova, O‘zA