Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Murojaatnoma mohiyati tushuntirildi
18:30 / 2026-01-21

Samarqandda davlatimiz rahbarining Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasida belgilangan ustuvor vazifalar mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazishga qaratilgan targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi.

Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi, Mudofaa vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi, “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati hamda Samarqand viloyat hokimligi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda viloyatdagi boshqarma va idoralar, muassasalar mas’ullari, mahalla yettiligi vakillari va yoshlar qatnashdi.  

Samarqand viloyat hokimi o‘rinbosari Rustam Qobilov, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi boshqarma boshlig‘i Hotamjon Ketmonov, Xalq deputatlari Samarqand viloyat Kengashi deputati Farmon Toshev va boshqalar Prezidentimiz Murojaatnomasida ilgari surilgan ustuvor yo‘nalishlar, “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb nomlangan joriy yilda amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan tadbirlar haqida so‘z yuritdilar.  

Shuningdek, ayni paytda takomillashtirilayotgan “O‘zbekiston–2030” strategiyasi loyihasi yuzasidan fikrlar bildirildi. Mazkur strategiya faqatgina istiqbolli reja emas, balki har bir sohada aniq natijaga qaratilgan amaliy dastur ekanligi, uni amalga oshirishda jamiyatning barcha qatlamlaridan faollik va mas’uliyat talab etilishi ta’kidlandi.  

– Bugungi murakkab geosiyosiy sharoitda milliy ma’naviyatni asrash, turli mafkuraviy tahdidlarga qarshi ma’naviy immunitetni shakllantirishda ziyolilarning o‘rni va mas’uliyati ortib bormoqda, – deydi Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi huzuridagi Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti katta ilmiy xodimi Shahlo Ahrorova. — Davlatimiz rahbarining Murojaatnomasi va Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida belgilangan ustuvor vazifalar hozirgi tahlikali zamonda xalq va davlat o‘rtasidagi ma’naviy ko‘prik bo‘lgan ziyolilar zimmasiga katta mas’uliyat yuklamoqda. Bunday tadbirlar islohotlar mohiyatini tushuntirish, aholi, ayniqsa, yoshlar orasida milliy o‘zlikni anglash va ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.

Tadbir davomida hududlarda amalga oshirilayotgan yirik qurilish va bunyodkorlik ishlari, chekka mahallalargacha infratuzilmaning yetib borayotgani, aholining yashash sharoiti yaxshilanayotgani hamda yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasida amalga oshirilayotgan ishlarga ham alohida e’tibor qaratildi.  

O‘zbekiston mahallalari uyushmasi boshqarma boshlig‘i Hotamjon Ketmonov mahallalarda “Obod ko‘cha”, “Obod xonadon”, “Obod mahalla” mezonlari asosida amalga oshirilayotgan ishlar Yangi O‘zbekiston qiyofasini shakllantirayotgani, aksariyat hududlarda kambag‘allik darajasi qisqarib, ajrimlar, jinoyatlar soni kamayganini qayd etdi.  

Tadbirda yoshlarni tashqi mafkuraviy bosimlarga qarshi matonatli bo‘lishga o‘rgatish, ularda Yangi O‘zbekiston Qurolli Kuchlarining qudrati va salohiyatiga nisbatan faxr tuyg‘usini uyg‘otish maqsadida viloyatda “Shijoat” vatanparvarlik loyihasi asosida mamlakat tinchligi va barqarorligini asrashda armiya va xalq yakdilligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.

G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA