French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Murojaatnoma milliy taraqqiyot yo‘lini belgiladi
15:40 / 2025-12-30

O‘zbekistonning kelgusi taraqqiyot yo‘lida Davlat rahbarining murojaatnomasi strategik hujjat sifatida muhim ahamiyat kasb etadi. U mamlakatimizning iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishini, fuqarolar turmush darajasini yaxshilash va barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan muhim ustuvor yo‘nalishlarni belgilab berdi.

Prezidentimiz o‘z nutqida iqtisodiy o‘sishni ta’minlash, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va ish o‘rinlari yaratish masalalariga alohida e’tibor qaratdi. Makroiqtisodiy barqarorlikni saqlash, investitsion muhitni yaxshilash va mahalliy resurslardan samarali foydalanish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari sifatida qayd etildi.

Murojaatnoma ta’lim, sog‘liqni saqlash, aholini kambag‘allikdan chiqarish va ijtimoiy himoya masalalari davlatning doimiy e’tibor markazida ekanini yana bir bor tasdiqladi. Ayniqsa, sifatli ta’lim, sog‘lom avlodni shakllantirish, infratuzilmani yaxshilash, ishsizlik va kambag‘allik darajasini kamaytirish masalalari kelajakda ham asosiy vazifa bo‘lib qoladi.  

Xususan, Murojaatnomada 188 ta mahallada yashovchi 715 ming nafar aholi istiqomat qilayotgan xonadonlarga ilk bor toza ichimlik suvi yetkazib berilgani, shuningdek, qariyb 2 million 300 ming aholining suv ta’minoti yaxshilangani ta’kidlandi. Shu bilan birga, 867 ta “og‘ir” mahalladagi 470 mingta xonadon tomorqani sug‘orish uchun suv bilan ta’minlanib, amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida ishsizlik darajasi 5,5 foizdan 4,9 foizga pasaygani, qariyb 1,5 million nafar ehtiyojmand aholi kambag‘allikdan chiqarilgani qayd etildi.

Shuningdek, tumanlar moliyaviy mustaqilligini oshirish maqsadida tuman byudjeti daromadlarini kamida ikki barobar ko‘paytirish vazifasi belgilandi. 2026 yil 1 yanvardan boshlab qo‘shilgan qiymat solig‘idan tushumlarning Toshkent shahrida 5 foizi, boshqa hududlarda esa 20 foizi joylarda qoldirilib, ushbu mablag‘ning yarmi tumanlar byudjetiga yo‘naltiriladi. Bundan tashqari, daromadlarning prognozga nisbatan oshirib bajarilgan qismining 50 foizi, ekin yerlarini ijaraga berish va bozorlardan tushgan mablag‘lar to‘liq tuman byudjetlariga o‘tkazilishi mahalliy imkoniyatlarni yanada kengaytiradi.

Ta’kidlash lozimki, bundan oldin tashqi qarz miqdorini belgilash vakolati Parlamentga o‘tkazilgandi. Endi esa Prezidentimiz davlat kafolati ostida tashqi qarz olish masalasini ma’qullash vakolatini ham Parlament ixtiyoriga o‘tkazishni taklif etdi. Ushbu taklif moliyaviy qarorlar qabul qilishda ijro va qonun chiqaruvchi hokimiyat o‘rtasidagi muvozanatni yanada mustahkamlab, bu borada jamoatchilik vakillari oldidagi hisobdorlikni oshirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Bundan tashqari, murojaatnomada davlat xaridlari sohasida tartib-intizomni kuchaytirishga ham alohida urg‘u berildi. Bundan buyon tovar, ish va xizmatlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotib olish mumkin bo‘lgan holatlar faqat qonun bilan belgilanishi haqidagi taklif davlat mablag‘laridan foydalanishda shaffoflikni ta’minlash, suiiste’molchilik xavfini kamaytirish hamda sog‘lom raqobat muhitini shakllantirishga xizmat qiladi. 

Shu bilan birga, hududiy boshqaruv tizimida ham muhim yangiliklar belgilandi. Bundan oldin viloyat darajasida hokimlik va mahalliy kengashlar raisligi lavozimlari ajratilgan bo‘lsa, endi ushbu tizim 2026 yildan boshlab 208 ta tuman va shaharda ham joriy etilishi rejalashtirilmoqda. Bu qaror mahalliy hokimiyat organlari o‘rtasidagi o‘zaro tiyib turuvchi mexanizmlarni kuchaytirish, vakillik organlarining rolini oshirishga qaratilgan strategik qadam sifatida baholanadi.

Prezidentimiz ta’kidlaganidek, mazkur jiddiy siyosiy islohot hokimlar va ijro idoralarining mahalliy Kengashlarga munosabatini mutlaqo o‘zgartirishni talab qiladi. Endi deputat so‘rovlari ijrosi har chorakda tahlil qilinib, sustkashlikka yo‘l qo‘yilgan holatlar bo‘yicha prokuratura organlariga taqdimnoma kiritilishi belgilandi. Bu esa vakillik organlarining nazorat funksiyasi qog‘ozda emas, amalda ishlashini ta’minlashga qaratilgan qat’iy siyosiy irodaning ifodasidir.

Davlatimiz rahbari islohotlar samaradorligini ta’minlashda fuqarolik jamiyati institutlarining o‘rni alohida ekanini ta’kidlab, bu borada ularni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan siyosat kelgusida ham izchil davom ettirilishi, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish bo‘yicha besh yillik strategiya ishlab chiqilishini ma’lum qildi. Ushbu institutlarga ijtimoiy buyurtma berish tizimi raqamlashtirilib, moliyalashtirish hajmining ikki karra oshirilishi rejalashtirilayotgani davlat va jamoat institutlari o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan.

Umuman olganda, Murojaatnomada belgilangan olti ustuvor yo‘nalish – mahalla infratuzilmasini rivojlantirish, iqtisodiy o‘sishni texnologik va innovatsion rivojlanish modeliga o‘tkazish, ichki bozor va talabni qo‘llab-quvvatlash, malakali kadrlar tayyorlash, ekologik barqarorlikni ta’minlash hamda davlat boshqaruvi va sud-huquq tizimini takomillashtirish – aholi farovonligini oshirishga qaratilgan, iqtisodiy va ijtimoiy jihatdan uyg‘un kompleks strategiyani shakllantiradi.

Prezidentimiz murojaatnomasida ilgari surilgan tashabbuslar davlat boshqaruvini markazlashtirish emas, aksincha, uni qonun, Parlament va jamoatchilik oldida hisobdor qilish g‘oyasiga tayanadi. Har bir sohadagi transformatsiya va fuqarolar hayotida sezilarli o‘zgarishlar yaratish murojaatnomaning asosiy maqsadi bo‘lib, amalga oshirilayotgan islohotlarning barqarorligini ta’minlash va aholi turmush tarzini yaxshilashda muhim ahamiyat kasb etadi. 

Davron Kesimov,

Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi Qashqadaryo viloyati hududiy bo‘linmasi rahbari, 

xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati.