Yangi O‘zbekistonimiz so‘nggi yillarda keng ko‘lamli islohotlar, ochiqlik va taraqqiyot yo‘lida izchil qadam tashlamoqda. Mamlakatning siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy hayotida amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar xalq farovonligini oshirish, inson qadrini ulug‘lash va barqaror rivojlanishni ta’minlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Mana to‘qqiz yildirki, davlatimiz rahbari har yilning yakunida Oliy Majlis va xalqimizga Murojaatnoma bilan chiqadilar. Bu an’anaga aylanishi barobarida, kelgusi yilning bosh rejasiga aylanib, yil davomida ana shu ezgu niyat va maqsadlar asosida turli dastur va qarorlar qabul qilinib, huquqiy baza yaratiladi. Vazifalar aniq belgilanib, hayotga keng tatbiq etiladi.

Ma’lumki, 2025 yilning 26 dekabr kuni navbatdagi Murojaatnoma taqdim etildi va har yilgidek unda asosiy e’tibor xalqimiz turmush farovonligini oshrish yo‘lida yil davomida amalga oshirilgan ishlar keng va chuqur tahlil qilinib, yutuqlar e’tirof etildi. Agar raqamlarga nazar tashlasak, o‘sish, ilgarilash, rivojlangan davlatlar bilan hamkorlikda barcha yo‘nalishlarda ijobiy tendensiya kuzatilayotganini ko‘rish mumkin.
“...E’tibor bering, bundan to‘qqiz yil oldin iqtisodiyotimiz hajmini 100 milliard dollarga yetkazish biz uchun juda katta marra bo‘lib ko‘rinardi. Bu yil tariximizda birinchi marta yalpi ichki mahsulotimiz 145 milliard dollardan oshdi. Bunday yuksak natijalar xalqimizning, barchamizning qanday ulkan ishlarga qodir ekanimizni yaqqol namoyon etmoqda.”
Yana bir tahlil:
“Jahon banki e’lon qilib boradigan Davlatlarning texnologik yetuklik indeksida O‘zbekiston 71 pog‘ona yuqori ko‘tarilib, dunyoning top-10 ta mamlakati qatoridan joy oldi.”
Prezidentimiz Murojaatnomada ta’kidlagan ushbu raqamlarni umum mamlakat miqyosidan shaxsiy tahlilga olib tushsak, albatta, uning ijrosida millionlab yurtdoshlarimiz turmush farovonligi tobora oshib borayotganida ko‘ramiz. Bugun fuqarolarimiz diyorimizda yaratilayotgan sharoitlardan unumli foydalanib, tadbirkorlik va boshqa sohalarda o‘z yutuqlarini rivojlantirmoqda. Ichki bozorni to‘ldirish barobarida, tashqi bozorda “Made in Uzbekistan” brendi ostida tabiiy, chidamli raqobatbardosh mahsulotlarning erkin savdosini yo‘lga qo‘ymoqdalar.
Prezidentimizning taklif va talablari bilan xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, hamkorlarga mamlakatimizda ishchanlik muhitini yaratib berish evaziga dunyo davlatlari orasida o‘lkamizga bo‘lgan ishonch ortmoqda. Yurtimizdagi qulay biznes muhiti O‘zbekistonni investorlar uchun eng jozibador mamlakatlardan biriga aylantirmoqda. Xususan, 2017 yildan buyon barcha iqtisodiyot tarmoqlariga 130 milliard dollarlik xorijiy investitsiya olib kelindi. 2025 yilning o‘zida chet ellik hamkorlar bilan 140 milliard dollarlik yangi investitsiyaviy kelishuvlarga erishilgani, joriy yilda esa bu ko‘rsatgichni yanada oshirish ko‘zda tutilayotgani – diyorimizning jahon iqtisodiy makonida ishonchli va jozibador sherik sifatida e’tirof etilayotganidan dalolatdir.
Qayd etish kerak, respublikamizning xalqaro maydondagi nufuzi tobora ortmoqda. Buni Prezidentimiz Murojaatnomada alohida ta’kidlab o‘tdilar.
“O‘zbekistonning xalqaro maydondagi obro‘-e’tibori va nufuzi, xalqaro reytinglardagi o‘rni tobora mustahkamlanib bormoqda. Xususan, yetakchi xalqaro reyting agentliklari mamlakatimizning suveren reytingini “BB -”dan “BB” pog‘onasiga ko‘tardi.”
Albatta, davlatimiz rahbari bularning barchasini sizu biz ya’ni, davlat va millat birligi yo‘lida fidoyilik bilan faoliyat olib boradigan katta kuch – xalqimizga ishonib, suyanib va ularning hayotlarini yanada yaxshilashni ezgu maqsad qilib ta’kidladi. Chunki bosh Qomusimizda belgilab qo‘yilganidek, “Davlatning birdan bir manbai – bu uning xalqi”.
Biz – bugun 38 milliondan ziyod katta xalqmiz. Mashaqqatli va sharafli mehnatimiz bilan dunyoda hurmat topayotgan, ertangi kunga ishonch bilan dadil borayotgan, matonatli va g‘ururi baland millatmiz. Biz o‘zgarishlarni kutib yashamaymiz, aksincha, ularni o‘zimiz, o‘z aql-zakovatimiz va mas’uliyatli mehnatimiz bilan yaratamiz. Har yili aholimiz o‘rtacha 2 foizga o‘smoqda, 1 milliondan ziyod o‘g‘il-qizlarimiz katta hayotga kirib kelmoqda. Yoshlarimizga qarab, ular erishayotgan yutuqlarni ko‘rib, ko‘ksimiz tog‘dek ko‘tariladi, qanday ulkan bunyodkor kuch safimizga qo‘shilayotganidan g‘ururlanib ketamiz, dedi Prezidentimiz o‘z nutqida.
Aslida ham bizning eng katta boyligimiz – yoshlarimiz, bolajon, serfarzand, piru-badavlat oilalarimizdir. Bugun qator davlatlarda demografik tanazzul kuzatilayotgan, kelajak borasida turli tashvishli tahlillar qilinayotgan bir paytda O‘zbekiston aholisining o‘sib borayotgani kelajakka bo‘lgan ishonch, millatning hayotiy quvvati va barqaror taraqqiyot salohiyati yuksak ekanini yaqqol namoyon etadi. Yoshlar ulushining ortib borishi esa ta’lim, bandlik va innovatsiya sohalaridagi islohotlarni yanada chuqurlashtirish uchun mustahkam zamin yaratib, mamlakatning uzoq muddatli rivoji uchun bebaho resurs bo‘lib xizmat qilmoqda.
E’tiborlisi, Murojaatnomada 2026 yil uchun muhim 6 ta ustuvor yo‘nalishlar belgilanib, barcha sohalarda qilinadigan keng ko‘lamdagi vazifalar ilgari surildi. Va Prezidentimiz bu ulkan maqsadlarni hayotga tatbiq etishda albatta, mehnatkash, lafzi halol xalqimizga suyanishini alohida ta’kidlab, katta ishonch bildirdi.
Umuman olganda, Prezidentimizning Oliy Majlis va xalqimizga yo‘llagan Murojaatnomasi Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining aniq maqsad va vazifalarini belgilab bergan, xalq manfaatlariga xizmat qiladigan mukammal strategik dastur sifatida namoyon bo‘ldi, deyish mumkin. Belgilangan maqsadlar, albatta, mehnatkash, tashabbuskor va vatanparvar xalqimiz bilan birgalikda amalga oshirilib, Vatanimizni yanada qudratli, farovon va barqaror davlatga aylantirishga xizmat qiladi.
Olimbek Aliyev,
siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD),
O‘zA