Sirdaryo viloyatining Guliston shahridagi Musiqali drama teatrida “Ma’rifat” targ‘ibotchilari jamiyati a’zolari, mahalla raislari, ziyolilar, yoshlar yetakchilari hamda harbiy soha xodimlari ishtirokida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va xalqqa yo‘llagan Murojaatnomasi mazmunini keng aholi qatlamlariga yetkazishga qaratilgan ma’rifiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda mamlakatning harbiy xavfsizligi va mudofaa salohiyatini mustahkamlash, tashqi tahdidlar va mafkuraviy xurujlar sharoitida jamiyatda ma’naviy barqarorlikni saqlash kabi ustuvor vazifalar atroflicha muhokama qilindi. Shu bilan birga, uchrashuvda ma’rifat va jamoatchilik faolligini oshirish, yosh avlod ongida vatanparvarlik va fuqarolik mas’uliyatini shakllantirishning ahamiyati alohida ta’kidlandi.

Uchrashuvni Sirdaryo viloyati hokimining o‘rinbosari Otabek Mavlonberdiyev ochdi va olib bordi. U o‘z so‘zida Murojaatnomada belgilangan vazifalarni amalga oshirishda mahalla faollari, targ‘ibotchilar va jamoatchilikning roli muhim ekanini ta’kidladi.
Ma’ruzachilar sifatida siyosiy fanlar doktori, professor Xayrulla Umarov, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Otabek Alimardonov, O‘zbekiston Mahallalar uyushmasi mas’ul xodimi Suyarqul Qurbonqulov, Yoshlar ishlari agentligi mas’ul xodimi Malika Komilova va O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoira Sayyora Ernazarova so‘zga chiqib, o‘z taklif va mulohazalarini bildirishdi.

Shunndek, ular Yangi O‘zbekistonda barcha sohalarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, ularning kundalik hayotda namoyon bo‘layotgan ijobiy natijalari va aholi turmushiga ta’siri haqida ham so‘z yuritishdi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri