English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Murojaatnoma: Kasaba uyushmalarining ustuvor vazifalari belgilab olindi
18:04 / 2026-01-19

O‘zbekiston Ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi tizimidagi tuman, shahar Kengashlari va kasaba uyushmasi qo‘mitalari raislarining malakasini oshirish bo‘yicha o‘quv seminari bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tasarrufidagi "Zarkent" sanatoriysida tashkil etilgan o‘quv seminari davlatimiz rahbarining Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasining mazmun-mohiyatidan kelib chiqadigan kasaba uyushmalarining ustuvor vazifalari mavzusi bilan boshlandi.

Murojaatnomada yurtimizda oxirgi yillarda bajarilgan keng ko‘lamli islohotlar natijalari bilan bir qatorda, yaqin va keyingi davr uchun belgilangan ustuvor vazifalar aniq ifoda etilgani ta’kidlandi. Kasaba uyushmalari ham Murojaatnomadan kelib chiqib, o‘z oldiga bir qator ustuvor vazifalarni belgilab oldi.

O‘quv seminarida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Farg‘ona viloyat Kengashi raisi o‘rinbosari Abror Otaboyev tomonidan O‘zbekiston Respublika Prezidentining 2025 yil 17 oktyabrdagi kasaba uyushmalari faollari va faxriylari bilan uchrashuvida hamda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining IX-Qurultoyida berilgan topshiriqlardan kelib chiqadigan vazifalar to‘g‘risida ishtirokchilarga ma’lumotlar berildi.

O‘quv jarayonida ishtirokchilar guruhlarga bo‘lingan holatda "Jamoaviy muzokaralarni tashkil qilish to‘g‘risida"gi, "Ijtimoiy mehnat masalalari bo‘yicha komissiyalar faoliyatini tashkil qilish to‘g‘risida"gi, "Jamoa shartnomasi loyihasini muhokama qilish va qabul qilish to‘g‘risida"gi hamda "Jamoa shartnomasini ekspertizadan o‘tkazish va ijrosini nazorat qilish to‘g‘risida"gi mavzular bo‘yicha taqdimotlar qildi.

Shuningdek, "Yo‘llanmalardan samarali foydalanish to‘g‘risida"gi, "Mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilish to‘g‘risidagi Taqdimnomani ko‘rib chiqish to‘g‘risida"gi, "Muddatidan oldin saylovni tashkil qilish to‘g‘risida"gi, “Murojaatlar bilan ishlash samaradorligini oshirish to‘g‘risida”gi  hamda “Madaniy, ma’rifiy va sport ishlarini samarali tashkil qilish to‘g‘risida”gi mavzular bo‘yicha ham dars mashg‘ulotlari o‘tkazilib, ushbu mavzular bo‘yicha ishtirokchilarga batafsil ma’lumotlar berildi.

O‘quv davomida "Bilimlar bahsi" intellektual o‘yini o‘tkazilib, ishtirokchilar olgan bilimlarini yanada mustahkamladi.

Abdurahim Meliboyevning Farg‘ona tumanidagi 28-umumta’lim maktabi boshlang‘ich kasaba uyushma tashkiloti raisi vazifasida ish boshlaganiga endigina bir oy bo‘ldi. Uning qayd etishicha, o‘quv-seminar yetakchilar uchun har tomonlama foydali bo‘ldi. Ayniqsa, ish faoliyatida ko‘p uchraydigan masalalar bo‘yicha ma’ruzachilardan ko‘plab ma’lumotlar oldi. Bunday o‘quvlarning tashkil etilishi kasaba uyushmasi faollarining o‘z ustida tinimsiz ishlashi, yurtimizda olib borilayotgan ulkan islohotlardan xabardorlik hissini oshirishga undaydi.

– Interfaol usullar, yuzma-yuz muloqotlar, erkin fikrlar asosida tashkil etilgan o‘quvlardan ko‘p narsalarni o‘rgandik. Bundan tashqari, boshqa hududlardagi hamkasblarimiz bilan ham tanishib, fikr almashdik, – deydi Furqat tumanidagi 31-umumta’lim maktabi boshlang‘ich kasaba uyushma tashkiloti raisi Feruzaxon Vahobova.

Yakunda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Farg‘ona viloyati Kengashi tomonidan kasaba uyushma tashkilotlari faollarining bilimlarini yanada oshirish va mustahkamlash maqsadida maxsus ishlab chiqilgan Kasaba Malaka onlayn platformasi orqali ishtirokchilar test topshiriqlarini bajarib, Sertifikat bilan taqdirlandi.

Mohigul Qosimova, O‘zA