Murojaatnoma: joriy yildan pedagogik taʼlimning 6 yoʻnalishi boʻyicha oʻqish muddati 3 yil etib belgilanadi
Prezidentimiz Murojaatnomada bugungi kundagi muhim dolzarb masalalarga toʻxtaldi.
Prezidentimiz Murojaatnomada bugungi kundagi muhim dolzarb masalalarga toʻxtaldi. Xususan, taʼlim sohasi haqida gapirar ekan, taʼlim sifatini xalqaro talablar darajasiga koʻtarish maqsadida qator chora-tadbirlar ishlab chiqilishini aytdi.
Taʼlim sohasida grantlar ikki barobarga koʻpaytiriladi. Qizlar uchun alohida grandlar ajratiladi. Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi ushbu grantlar asosida oʻqishga nomzodlarni tanlash va saralash mezonlarini ishlab chiqadi. Oliy taʼlim muassasalariga kirish imtihonlari optimallashtiriladi.
Davlatimiz rahbarining taʼkidlashicha, asosiy eʼtiborni oʻqishga kirish jarayonini soddalashtirishga, oliy oʻquv yurtlarida chinakam bilim va tarbiya olishga qaratmoq zarur. Misol uchun, ona tili boʻyicha bilimni baholashning milliy test tizimini yaratish lozim. Bu fandan yoshlar istalgan vaqtda imtihon topshirib, tegishli guvohnomalar olsa, oʻqishga kirayotgan paytda ona tili boʻyicha qayta sinovdan oʻtishga hech qanday ehtiyoj qolmaydi.
Oliy taʼlim standartlari xorijiy tajriba asosida takomillashtiriladi. Taʼlim yoʻnalishlari va oʻqitiladigan fanlar qayta koʻrib chiqiladi. Mutaxassislikka aloqasi boʻlmagan fanlar soni ikki barobar qisqartiriladi. Tahlil qilganimizda oliy taʼlimda mutaxassislikka aloqador boʻlmagan fanlar 30 foizni tashkil qiladi. Bu esa yoshlarning ortiqcha vaqtini oladi. Oliy taʼlimda oʻquv jarayonlari kredit modul tizimiga oʻtkazish talab etiladi. Joriy yildan pedagogik taʼlimning 6 ta yoʻnalishi boʻyicha oʻqish muddati 3 yil qilib belgilanadi, dedi Prezident.