Nurafshon shahrida “Murojaatnoma – mahalla infratuzilmasini yanada yaxshilash, ularga Yangi O‘zbekiston qiyofasini olib kirish” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.
Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi Toshkent viloyati hududiy bo‘linmasi tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur tadbirda Mahallalar uyushmasi vakillari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining 20 nafardan ziyod mas’ullari, siyosiy partiyalar a’zolari, deputatlar hamda 30 nafardan ziyod hududiy nodavlat notijorat tashkilotlari rahbarlari ishtirok etdi.
Davra suhbatida Prezidentimizning Oliy Majlis va xalqimizga yo‘llagan Murojaatnomasida belgilangan vazifalar, jumladan, mahallalarni rivojlantirishning yangi, kompleks tizimini hayotga tatbiq etish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, Murojaatnomada respublikadagi tanlab olingan 33 ta tuman va 330 ta sharoiti og‘ir mahalladagi ishlarni kompleks tashkil qilish, ya’ni ularda bir vaqtning o‘zida ijtimoiy soha ob’ektlari, yo‘llar qurish va ta’mirlash, tadbirkorlik infratuzilmasini rivojlantirish hamda ushbu maqsadlar uchun barcha manbalar hisobidan 8,5 trillion so‘m mablag‘ ajratilishi bildirilgan.
Shuningdek, deputatlarga o‘z okrugidagi muammolarni hal etish uchun 500 milliard so‘m, har bir deputatga 3,3 milliard so‘mdan berilishi, bu borada “yashil hudud”, “yashil bog‘” yaratish bo‘yicha har bir deputatning tashabbusiga qo‘shimcha 330 million so‘mdan yo‘naltirish orqali 2030 yilgacha barcha tumanlardagi mahallalarga Yangi O‘zbekiston qiyofasini olib kirish qayd etilgan.
Tadbirda siyosiy partiyalar, “Yuksalish” harakati hamda O‘zbekiston NNT milliy assotsiatsiyasining viloyat bo‘linmalari rahbarlarining ma’ruzalarida mahallalar infratuzilmasini rivojlantirish uchun yuqori darajada moliyaviy qo‘llab-quvvatlash ajratilishi aytildi. Bundan unumli foydalanish orqali “Mahalla yettiligi” faoliyatini yanada samarali bosqichga olib chiqish borasida fikr-mulohaza bildirildi.
– Bugungi davra suhbatida Murojaatnomada belgilangan vazifalarni ijro etishda fuqarolik jamiyati institutlari davlatga eng yaqin ko‘makchi va ob’ektiv nazoratchi bo‘lishi kerakligi ta’kidlandi. Zero, jamiyat faol bo‘lgan joyda adolat bo‘ladi, adolat bor joyda esa islohotlar, albatta, o‘z samarasini beradi. Bizning maqsadimiz fuqarolarimizning siyosiy-huquqiy madaniyatini yuksaltirish va ularni yurt taqdiriga daxldorlik ruhida birlashtirishdir, – deydi Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi Toshkent viloyati hududiy bo‘linmasi yetakchi mutaxassisi Sh.Axunjonova.
[gallery-27228]
Shu bilan birga, davra suhbatida 2030 yilgacha mahallalarni to‘liq transformatsiya qilish va “Yangi O‘zbekiston qiyofasi”ni olib kirish yuzasidan dolzarb vazifalar ijrosini ta’minlashda davlat organlari bilan nodavlat notijorat tashkilotlarining samarali hamkorligini o‘rnatish va kuchli jamoatchilik nazoratini ta’minlash yuzasidan fikr almashildi va takliflar ishlab chiqildi.
A.Musayev, A. Alijonov (surat), O‘zA