Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Murojaatnoma: har birimizdan faollik talab etiladi
10:25 / 2023-01-11

O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti Nukus filialida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasi targ‘ibotiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi U.Jalmenov Murojaatnoma mazmun-mohiyati va undan kelib chiqadigan vazifalar yuzasidan batafsil ma’lumot berdi.

Davlatimiz rahbari o‘z murojaatida davlat va jamiyatimizni rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari, kelgusida har bir sohada  bajariladigan ishlar ko‘lami va ularni amalga oshirish yo‘llarini ko‘rsatib o‘tdi.

Prezidentimiz Qoraqalpog‘iston Respublikasiga alohida to‘xtaldi. Qayd etilganidek, “Biz uchun “Qoraqalpog‘istonning yutug‘i – butun O‘zbekistonning yutug‘i, Qoraqalpog‘istonning tashvishi – butun O‘zbekistonning tashvishi”, degan g‘oya hamisha amaliy harakat dasturi bo‘lib kelgan va bundan keyin ham shunday bo‘lib qoladi. Bizning ezgu maqsadimiz – birgalikdagi mehnatimiz bilan Yangi O‘zbekistonda har tomonlama rivojlangan, obod va farovon Yangi Qoraqalpog‘istonni bunyod etishdir,” degan fikrlari har bir qoraqalpog‘istonlikning qalbiga g‘urur va iftixor bag‘ishladi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Darhiqiqat, asrlar davomida et va tirnoq kabi bir bo‘lib ketgan xalqlarimiz do‘stligiga hech qanday kuch ta’sir ko‘rsata olmaydi. Chunki bizning o‘tmishimiz bir, bugunimiz ham, kelajagimiz ham bir.

Bugun Prezidentimiz rahbarligida Qoraqalpog‘istonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli  islohotlar o‘zining ijobiy samarasini bermoqda. Davlatimiz rahbarining joriy yil 25 oktyabrdagi “2022-2023 yillarda mahallalar infratuzilmasini yanada yaxshilash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi shahar va tumanlari hududlarini obod qilish, qishloq va mahallalarda infratuzilma bilan bog‘liq eng dolzarb masalalarni tizimli hal etish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Qayd etilganidek, davlatimiz rahbari o‘z murojaatida oliy ta’lim sohasiga ham alohida to‘xtaldi. Jumladan, so‘nggi yillarda oliygohlarimiz 2,5 barobar ko‘payib, 198 taga yetdi, qamrov darajasi 9 foizdan 38 foizga oshdi. Bu raqamlarni yanada ko‘paytirish maqsad qilinmoqda. Mamlakatimizda 41 ta oliygohga akademik va moliyaviy mustaqillik berildi, ularda transformatsiya ofislari ochildi. Oliygoh rektorlari, professor va o‘qituvchilarga bu jarayonlarda faol bo‘lishi, yangi, ilg‘or metodikalarni joriy qilish vazifalari belgilandi.

Tadbir ishtirokchilari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.

 

Dovud Abibullayev, O‘zA