French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Murojaatnoma: belgilangan vazifalar iqtisodiy potensialni oshirishga xizmat qiladi
16:14 / 2022-12-20

Munosabat

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasini aholi katta qiziqish va hayajon bilan kutib oldi. Erishilgan natijalar, kelgusidagi vazifalar haqida so‘z yuritildi, ta’lim, sog‘liqni saqlash, sud tizimidagi masalalar ochiq-oydin bayon qilindi, ularni bartaraf qilish bo‘yicha yechimlar taklif qilindi. Shuning uchun Murojaatnomani diqqat bilan tingladik, muhim xulosalarga ega bo‘ldik, oldimizda turgan vazifalarni belgilab oldik.  

Murojaatnomada davlatimiz rahbari iqtisodiy islohotlar qat’iy davom ettirilib, ichki imkoniyatlar to‘liq safarbar qilinib, xususiy sektor yanada qo‘llab-quvvatlanishini ta’kidladi. Endilikda, hududlar o‘rtasidagi iqtisodiy tengsizlikni qisqartirish, barcha tuman va shaharlarni bir maromda rivojlantirish bo‘yicha yangicha yondashuvlar joriy etiladi.  

Shuningdek, kelgusi yildan tuman va shaharlar mavjud sharoiti, salohiyati va imkoniyatlaridan kelib chiqib 5 ta toifaga ajratiladi. Tadbirkorlar uchun subsidiya, kreditlar va kompensatsiyalar toifalardan kelib chiqib ajratiladi. Ular uchun soliq stavkalari har xil bo‘ladi. Bu esa hududlar iqtisodiyotining baraqaror rivojlanishiga, iqtisodiy potensialni oshirishga, aholining farovonligini ta’minlashga xizmat qiladi.  

Bundan tashqari, 1 yanvardan qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasini 15 foizdan 12 foizga pasaytirish hisobiga tadbirkorlar ixtiyorida yiliga kamida 14 trillion so‘m mablag‘ qoladi, ilg‘or tajribalar asosida soliq va bojxona ma’murchiligi isloh qilinadi. Bu kabi imkoniyatlar yurtimizda tadbirkorlarning soni oshishiga, ularning imkoniyatlarini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi. Pirovardda aholining farovonligi oshadi, makroiqtisodiy barqarorlik ta’minlanadi.  

Bir so‘z bilan aytganda, biz – xalq vakillari Prezidentimizning Murojaatnomasida keltirilgan vazifalarning barchasini amalga oshirishga, unda ilgari surilgan g‘oya va tashabbuslarni hayotga izchil tatbiq etishga tayyormiz. Belgilangan vazifalar, yo‘nalishlar hamda topshiriqlarni amalga oshirishga o‘z hissamizni qo‘shamiz.  

Jamshid QOSIMOV,  

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.  

O‘zA