Prezidentimizning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasida belgilab berilgan vazifalarni o‘rganish va tegishliligi bo‘yicha ijroga qaratish maqsadida Jizzax viloyatining barcha shahar va tumanlarida tadbirlar bo‘lib o‘tmoqda.
Murojaatnomadan kelib chiqadigan vazifalardan biri bu hududlarda millatlararo totuvlikni ta’minlash orqali milliy nizolarning oldini olish va bag‘rikenglik muhitini shakllantirishdan iboratdir.

Viloyat hokimi o‘rinbosari L.Ahmadjonov Mirzacho‘l tumanining turli millat vakillari istiqomat qiluvchi, chegara hududlarida joylashgan mahallalarda millatlararo munosabatlar, milliy nizolar va iqtisodiy-ijtimoiy muammolarni o‘rganish maqsadida “Bog‘bon”, “Ipak yo‘li”, “Toshkent”, “Yangidala” va boshqa hududlardagi mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari va faollari bilan uchrashdi.
Mirzacho‘lda qardosh va turli millat vakillaridan iborat diasporalar o‘rtasida o‘zaro hurmat muhiti yuqori darajada shakllangan. Milliy nizolar va salbiy kayfiyatning kelib chiqishiga hech qanday sabab yo‘q. Boshqa-boshqa millatlar quda-andachilik rishtalari bilan bog‘langan, to‘y-marakalar, quvonch-tashvishli kunlarda birga bir xalq, bir el bo‘lib yashab kelmoqda.

Ushbu hududdagi aholini qiynab kelayotgan muammolar ham atroflicha o‘rganilib, bu masalalarni bartaraf etish yuzasidan aniq chora-tadbirlar belgilandi va mutasaddilar zimmasiga ularni bartaraf etish yuzasidan aniq vazifalar yuklatildi.
Davlatimiz rahbarining Murojaatnomasini o‘rganish va undan kelib chiqadigan vazifalar ijrosi doirasida ko‘p millatli Jizzax viloyatida xalqlararo do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlash va aholi muammolarini o‘rganish, bartaraf etish yo‘lida o‘tkazilayotgan tadbirlar davom etmoqda.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA