Fuqarolar murojaatlariga o‘z vaqtida javob qaytarish, ularni o‘rganish, zarur qonuniy choralar ko‘rish muhim masalalardandir. Shunday ekan, har bir tashkilot rahbari murojaatlar bilan ishlashga mas’uliyat bilan yondashmog‘i lozim.
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi va uning tizim tashkilotlariga shu yilning to‘qqiz oyida 299 ming 439 ta jismoniy va yuridik shaxslardan murojaat kelib tushgan. Shundan 147 ming 682 tasi ijobiy hal etilgan, 135 mingdan ortig‘iga tushuntirish berilgan, 2 mingdan ziyodi esa tegishliligi bo‘yicha boshqa tashkilotlarga yuborilgan, qolgan murojaatlar ko‘rib chiqish jarayonida.
Parlament quyi palatasining Mehnat va ijtimoiy masalalar hamda Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitalarining qo‘shma yig‘ilishida Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash borasida amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida"gi hamda “Respublika byudjetidan ajratiladigan mablag‘lardan foydalanish holati to‘g‘risida"gi axborotlari eshitildi.
Ta’kidlanganidek, joriy 9 oy davomida vazirlik va uning tizim tashkilotlarida murojaatlarni ko‘rib chiqishda xato va kamchiliklar hamda qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘ygan 154 nafar mas’ul xodimga nisbatan tegishli intizomiy choralar ko‘rilgan.
Eshituv mobaynida deputatlar murojaatlarda ko‘tarilayotgan dolzarb masalalarni hal qilishdagi kamchilik va ayrim muammolarga e’tibor qaratdi. Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tizimini takomillashtirish, ularni hal qilish yuzasidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar samaradorligini yanada oshirish, murojaatlarni mahallaning o‘zida hal etish choralarini ko‘rish yuzasidan taklif va tavsiyalar berildi.
Eshituvda respublika byudjetidan ajratiladigan mablag‘lardan foydalanish holati to‘g‘risida ham ma’lumotlar taqdim etildi. Bu borada vazirlik tizimidagi 85 ta monomarkaz va kasb-hunarga o‘qitish muassasalari, shuningdek, 200 dan ortiq davlat va nodavlat muassasalarida 98 ming ishsiz va ish qidirayotgan shaxslar kasb-hunarlar, tadbirkorlik ko‘nikmalari va xorijiy tillarni o‘rgatish uchun o‘qishga jalb qilingan. 57 ming nafari o‘qishni tugatib, ularning 78 foizi ish bilan ta’minlangan.
Muhokamalar davomida xalq vakillari joylardagi o‘rganishlarda ayrim muammolar mavjudligiga guvoh bo‘lishayotganini ta’kidladi. Xususan, subsidiyalar vaqtida berilmayotgani, aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha davlat byudjetidan olinayotgan mablag‘lar maqsadli sarflanmayotgani, mehnat bozorining talab va takliflari monomarkaz hamda aholi bandligiga ko‘maklashish boshqarmalari va bo‘limlariga integratsiya qilinmagani, aksariyat ish o‘rni va ishsizlar bilan bog‘liq ma’lumotlar bir-biriga to‘g‘ri kelmayotgani qayd etildi.
– Saylov okruglaridan kelib tushayotgan murojaatlarning asosiy qismi aholi bandligini ta’minlash bilan bog‘liq masalalardir, – deydi deputat Umida Rahmonova. – Bu esa aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha davlat byudjetidan ajratilayotgan mablag‘lardan samarali foydalanish lozimligini taqozo etadi. Eshituv davomida mutasaddilarga mehnat bozorining talab va takliflaridan kelib chiqib, mutaxassislar tayyorlash, byudjet mablag‘laridan maqsadli foydalanish bo‘yicha bir qator takliflar berdik.
Muhtarama Komilova, O‘zA