Prezidentimizning 23 iyul kuni “Aholi murojaatlari bilan ishlash tizimini mutlaqo yangicha tashkil qilish”ga bag‘ishlangan kengaytirilgan videoselektor yig‘ilishida berilgan topshiriqlari ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Milliy axborot agentligi Bosh direktori o‘rinbosari Xushnud Xudoyberdiyev Buxoro shahridagi Xalq qabulxonasida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari yuzasidan sayyor qabul o‘tkazdi.
Sayyor qabulda Buxoro shahridagi Xalq qabulxonasi mas’ullari, shahardagi sektorlar, korxona, tashkilot, muassasa rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi. Sayyor qabulda aholining turli sohalarga oid muammolari, talab va takliflari eshitildi.
Qabul chog‘ida fuqarolarning qonuniy manfaatlarini himoyalash, ularni qiynayotgan muammolarni bartaraf etish, adolatni qaror toptirishga alohida e’tibor qaratildi. Murojaatlarning aksariyati uy-joy, moddiy yordam, pensiya, bolalar nafaqasi, ishga joylashish, ichimlik suvi ta’minotidagi muammolar, sog‘liqni saqlash, tadbirkorlikni rivojlantirish borasida bo‘ldi. Har bir murojaat mutasaddilar tomonidan birma-bir muhokama qilindi.
– Bel churrasi bilan kasallanganman. Sog‘ligim kundan kunga yomonlashmoqda, – deydi Buxoro shahri Gulchorbog‘ mahalla fuqarolar yig‘ini Juvozqog‘oz ko‘chasida yashovchi fuqaro Orzigul Bozorova. – Yurishim kundan-kun qiyinlashib bormoqda. Sayyor qabulda hassa so‘rab murojaat qilgandim. Murojaatim ijobiy hal etildi.
Hassa so‘rab murojaat qilgan fuqarolarning talablari mutasaddilar tomonidan o‘sha yerning o‘zida hal etildi. Bu to‘g‘rida najot istab murojaat qilganlarga hassalar berildi.
[gallery-4917]
– Ayni paytda Toshkent Moliya institutida 2-mutaxassislik bo‘yicha o‘qiyapman, – deydi Buxoro shahri Piridastgir ko‘chasi 8A 1-uyda yashovchi Bekzod Bafoyev.
– Otam bevaqt vafot etganligi sabab oilada boquvchi hisoblanaman. bugungi sayyor qabulda “Yoshlar daftari”ga kiritib shartnoma pulimni to‘lashda amaliy yordam so‘rab murojaat qildim. Murojaatim ijobiy hal etildi.
– Uyda ishsizman, – deydi Buxoro shahri Mustaqillik ko‘chasi 46/5-uy 20-xonada yashovchi Gulandon Jamolova. – Voyaga yetmagan ikki nafar farzandim bor. Turmush o‘rtog‘im bilan ajrashganman. Pishiriq pishirishni bilaman. Uyda pishiriq tayyorlab sotish uchun mutasaddilardan elektr pech so‘rab murojaat qilgandim. Murojaatim joyida hal etildi. Endi uyda pishiriq pishirib oilam daromadiga hissa qo‘shaman.
Qabul davomida har bir murojaat atroflicha ko‘rib chiqildi. E’tirozli holatlar bo‘yicha hokimlik, masalaga daxldor boshqarma, tashkilot va korxonalar rahbarlariga tegishli topshiriq berildi.
Murojaatlarning aksariyati shu yerning o‘zida hal qilindi. Shuningdek, murojaat yuzasidan mualliflarga huquqiy tushuntirish berildi.
Qabuldan so‘ng, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi Bosh direktori o‘rinbosari Xushnud Xudoyberdiyev boshchiligida buxorolik mutasaddilar Buxoro shahrida yashovchi 105 yoshli Chamangul Boymurodova xonadonida bo‘ldi.
Chamangul Boymurodovaga nogironlik aravachasi berildi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA