Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Murojaatlarning aksariyati ijobiy hal bo‘ldi
10:19 / 2022-10-25

Buxoro viloyati Jondor tumani “Zangi” mahalla fuqarolar yig‘ini Yangiobod qishlog‘ida yashovchi fuqaro X.Ergasheva oilaviy mojaro sabab to‘rt bolasini olib ota uyiga keladi. Turmushi “o‘xshamagan” ayol noiloj ota hovlisi oldida bo‘sh turgan joyda hech bir hujjatsiz imorat tiklaydi. Bu ishi qonun jihatdan sud tomonidan o‘zboshimchalik deb topiladi. Noqonuniy qurilgan uyni buzib, o‘rniga mahalla binosi qurilishini eshitgan ayol bundan norozi bo‘ladi. To‘g‘ri, hokimlik uy-joy qilish uchun unga boshqa yerdan joy ajratadi. Ammo, fuqaro ota uyidan uzoq ketishni xohlamaydi. Najot istab Respublika Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasiga murojaat qiladi.

Qorako‘llik fuqaro O.Odilova esa bolasini qaytarib olish masalasida tuman Oila va xotin-qizlar bo‘limiga yordam so‘rab takror-takror murojaat qilgan.     Ma’lum bo‘lishicha,  ayol oilasi bilan kelishib ikki farzandini eri va qaynonasiga qoldirib chet elga ishga ketadi. O‘shanda kenjasi 7 oylik bo‘lgan. Ishining tayini bo‘lmaydi. Pulsiz uyga qaytishni istamagan ayol uzoq vaqt chet elda qolib ketadi. Bu orada eri kasallikka chalinib vafot etadi. Bolalari buvisi qo‘lida qoladi. Ammo, ko‘p o‘tmay qaynona ham qazo qiladi. Bolalarni esa farzandsiz qaynopasi o‘z qaramog‘iga oladi. Qaynopasi ham Turkiyaga ishga ketadi. Bolalarni o‘zining ukasi, ya’ni fuqaro O.Odilovaning qaynukasiga qoldiradi. Qorako‘lga qaytgan fuqaro O.Odilova bolalarini o‘z yoniga oladi. Katta o‘g‘li u bilan yashay boshlaydi, ammo kenjasi amakisinikida qoladi.

Fuqaro O.Odilova bolasini o‘ziga qaytarishda qiynalayotganini bildirib Prezident Xalq qabulxonasiga telefon orqali murojaat qiladi.

Ana shunday takror va anchadan buyon hal bo‘lmayotgan 8 ta murojaatlar yuzasidan viloyat Oila va xotin-qizlar boshqarmasi tashabbusi bilan sudlar bilan qo‘shma qarorga muvofiq viloyat fuqarolik ishlari bo‘yicha sudida yig‘ilish o‘tkazildi.  

Tadbirga barcha da’vogar va javobgar tomonlar taklif etildi. Murojaatlar orasida oilaviy ajrim yoqasida turgan oilalar o‘rtasida farzand “talashish” yoxud uyga kiritish, mol-mulk, ishga tiklash masalalari ham bor. Murojaatchilarning barchasi  ayollar.

Ayollarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, muammolarga qonun doirasida, adolatli yechim topish maqsadida mazkur tadbirga viloyat Majburiy ijro byurosi, Ichki ishlar boshqarmasi, shahar-tuman hokimliklari, kadastr vakillari, voyaga yetmaganlar bilan ishlovchi mutasaddilar, sudyalar va advokatlar hamda psixologlar jalb qilindi.

Tadbirda viloyat hokimining o‘rinbosari – viloyat Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Feruza Ibragimova qatnashdi.  

Darvoqe,  fuqaro O.Odilova bolasining 14 yoshga to‘lganini inobatga olib, uning ham fikrini bilish maqsadida amakisi bilan birga ushbu tadbirga taklif etildi.  Dastlab murojaatchilarga huquq va majburiyatlari, sudga da’vo arizasi kiritish hamda ishlarning ko‘rilish tartiblari, da’voni rad etishga asos bo‘luvchi omillar haqida sudyalar tomondan batafsil tushuntirildi.

Sa’y-harakatlar besamar bo‘lmadi, tadbir jarayonida to‘rtta murojaat ijobiy hal etildi.  

Ma’lumot uchun, Prezidentimizning 2022 yil 1 martdagi “Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarorida Qo‘mita va uning hududiy bo‘linmalari huquqlari belgilab berilgan. Ya’ni, davlat organlari va tashkilotlari rahbarlariga xotin-qizlar huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash hamda oilani mustahkamlash borasidagi qonunchilik hujjatlari buzilishi, ularni keltirib chiqaruvchi sabab va sharoitlarni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rib chiqilishi majburiy bo‘lgan taqdimnomalar kiritiladi. Xotin-qizlar huquqlari va qonuniy manfaatlarini ko‘zlab sudlarga ariza (shikoyat) va da’volar kiritiladi. Xotin-qizlar huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash hamda oilani mustahkamlashga doir tashabbuslar bilan chiqish hamda takliflar kiritish kabi bir qator huquqlarga ega.

 

Zarif Komilov,  

O‘zA