Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Murojaatlarni ko‘rib chiqish mexanizmlari yanada takomillashtirilmoqda
13:13 / 2025-09-23

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda moddama-modda ko‘rib chiqildi.

Qayd etilganidek, loyihada jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish mexanizmlarini yanada takomillashtirish, intellektual mulk ob’ektlari hamda ularning tovar belgisiga bo‘lgan huquqlarning muhofaza qilinishini kuchaytirish tizimini rivojlantirish nazarda tutilmoqda.

Qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida deputatlarning takliflaridan kelib chiqib, har xil yondashuvlarning oldini olish maqsadida ayrim o‘zgartirishlar kiritildi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasida ro‘yxatdan o‘tkazilgan tovar kelib chiqqan joy nomi ekanini bildiradigan ogohlantiruvchi tamg‘a shaklini Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanishi belgilab qo‘yildi.

Shuningdek, ishonch telefoni tushunchasi aniqlashtirildi. Davlat organlari va tashkilotlari tomonidan murojaatlarni markazlashtirilgan holda qabul qilish uchun call-markazlar faoliyatini yo‘lga qo‘yishi mumkinligi belgilandi.

Deputatlarning takliflari asosidagi yana bir o‘zgarish —  elektron hisoblash mashinalari uchun yaratilgan dasturga va ma’lumotlar bazasiga doir guvohnomaga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha belgilanishi taklif etilgan davlat bojlari miqdori kamaytirildi.

Ta’kidlanganidek, qonun loyihasidagi normalar murojaatlar bilan ishlash jarayoni tezkor va shaffof bo‘lishi, intellektual mulk sohasida huquqiy muhofaza darajasining oshishi, fuqarolarning huquqiy himoyaga bo‘lgan ishonchi mustahkamlanishiga xizmat qiladi.

Muhtarama Komilova,

O‘zA