English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Murojaatlarda hayot aks etadi
14:41 / 2023-01-26

Peshona teri evaziga jamg‘arilgan pullar inson uchun qadrli. Biroq qonunan o‘zingizga tegishli bo‘lgan pullarni mas’ullar e’tiborsizlik tufayli belgilangan tartibda to‘lab bermasa vakolatli organlarga murojaat qilish ayni muddao.

Farg‘ona viloyat adliya organlari hayotimizda tez-tez uchrab turadigan holatlarda fuqarolar, huquqlari poymol bo‘lgan va adolat izlagan  hamyurtlarimizga huquqiy ko‘mak bermoqda. Furqat tumanida ham murojaat amaliy yechim topdi. Gap shundaki, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 28 dekabrdagi 779-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari xodimlarini rag‘batlantirish jamg‘armasi to‘g‘risida”gi Nizomning 15-bandiga asosan, fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari xodimlarini reyting baholash tizimi joriy qilingan. Bu baholash orqali mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash bo‘limi tomonidan har oylik ustamalari belgilanishi nazarda tutilgan. Vaholanki, tuman mahalla va nuroniylarni qo‘llab quvvatlash bo‘limi tomonidan fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari xodimlarining reyting baholash tizimi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa-da, ularga ustama pullari to‘lab berilmagan.  

Aniqlangan holat yuzasidan tuman adliya bo‘limi tomonidan qonunchilikda belgilangan tartibda ta’sir chorasi kiritildi. Fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari xodimlarining 107 million so‘m ustama pullari to‘lab berildi.  

Oltiariq tumanida istiqomat  qiluvchi Dilorom Vahobiddinova 2019 yil fevral oyida  uy-joyga muhtoj oilalar uchun o‘tkazilgan onlayn savdolarda 2-guruh nogironligi bor ukasiga yer sotib oladi. Biroq uning xarid  qilgan va  qonunan o‘ziga tegishli  yerida  uy-joy  qurish uchun ko‘plab byurokratik to‘siqlar yuzaga keldi.  

– Muammolar, sansalorliklar naqd  to‘rt yil  davom etdi, – deydi Dilorom Vahobiddinova. – Bu vaqt mobaynida bormagan eshigim qolmadi. Xalq ta’limi sohasida ishlaydigan  bir dugonamning  maslahati  bilan tuman adliya  bo‘limiga murojaat qildim. Xayriyat, ko‘p yillik muammoni 20 kun ichida sud tartibida ijobiy hal etib berishdi.  

Qo‘qon shahar adliya bo‘limi tomonidan shahar xalq ta’limi bo‘limiga kiritilgan taqdimnomaga asosan, bo‘lim tasarrufidagi 41 ta umumta’lim maktabining 59 nafar kutubxona mudiralari va kutubxonachilariga 307 million 529 ming  so‘m ustamalari to‘lab berilishi ta’minlandi. Toshloq tuman  tibbiyot birlashmasi tomonidan 675 nafar tibbiyot xodimiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoyishiga asosan, mehnat ta’til kunlari 5 ish kuniga qisqartirilib, xodimlarga 5 ish kuniga kamaytirilgan holda mehnat ta’tili puli hisoblab to‘lab berilgan. Asossiz ravishda 675 nafar tibbiyot xodimidan 292 million 881 ming so‘m mehnat ta’tili puli ushlab qolingan. 

Mehnat  kodeksining  133-moddasiga  ko‘ra  barcha xodimlarga,  shu  jumladan, o‘rindoshlik  asosida  ishlayotgan  xodimlarga,  dam  olish va  ish  qobiliyatini  tiklash  uchun  ish  joyi  (lavozimi)  va  o‘rtacha  ish  haqi  saqlangan holda yillik mehnat ta’tillari beriladi. Taqdimnoma natijasida mehnat ta’tiliga chiqqan xodimlarga to‘lanmay qolgan jami 292 million 881 ming  so‘m to‘lab berildi. 

Yuqorida keltirilgan murojaatlardan  xulosa qilish  mumkinki, mehnat munosabatlarida huquqiy savodxonlikni  oshirish hayotiy zaruratga aylanib bormoqda. Bu esa adliya organlariga yanada katta mas’uliyat yuklaydi. Birgina Farg‘ona viloyati adliya boshqarmasi va uning  quyi tizimlariga o‘tgan  2022 yil davomida 12 ming 431 ta murojaatlar kelib tushdi. E’tiborli jihati shundaki,  adliya organlari tomonidan  ko‘rilgan huquqiy ta’sir choralar natijasida 61 milliard 988 million so‘m miqdordagi pul mablag‘lari o‘z egalariga qonuniy tartibda qaytarilgan. 

Aksariyat murojaatlar  mehnat qonunchiligi, ish beruvchi va xodimlar o‘rtasidagi  munosabatlarda aks etmoqda. O‘tgan  yilda kelib tushgan murojaatlarning 5 mingga yaqini mehnat munosabatlari va nizolariga oid. 4 mingdan oshig‘i esa kommunal, soliq, bank, nodavlat notijorat tashkilotlari va boshqa sohalarga taalluqli.

– Ijtimoiy-iqtisodiy sohada huquqni qo‘llash amaliyotini o‘rganish, inson huquqlarini himoya qilish, davlat xizmatlarini ko‘rsatish va boshqa sohalarda nazorat tadbirlari o‘tkazildi, – deydi Farg‘ona viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘i Abdumannop  Bo‘riyev. – Natijada viloyatda  62 mingdan ortiq qonunbuzilishi holatlari aniqlandi.  39 ming 57 ta hujjat ijrosi bekor qilindi. Mansabdor shaxslarning  2 ming 738 ta harakatlari  to‘xtatildi. Shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslar manfaatini ko‘zlab sudlarga 34 milliard 240 million so‘mlik  2 ming  118 ta da’vo ariza kiritildi.

 

M.Sulaymonov, O‘zA