Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini o‘rganish va hal etish — xalq bilan ochiq muloqotni ta’minlash, muammolarning manzilli yechimini topishda muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining Sirdaryo viloyat Kengashi hamda tuman va shahar kengashlariga joriy yilning o‘tgan davrida 472 tadan oshiq murojaat kelib tushgan. Ulardan 68 tasi bandlik, 111 tasi kommunal soha, 2 tasi uy-joy va yer munosabatlari, 129 tasi ijtimoiy va sog‘liqni saqlash sohalariga oid bo‘lsa, 1 ta murojaat bank va kredit masalalariga, qolgan 161 ta murojaat boshqa yo‘nalishlarga taalluqli bo‘lgan.
Shu murojaatlardan 355 tasi ijobiy hal etilgan, 1 ta murojaat bo‘yicha tushuntirish berilgan. Qolgan 116 ta masala bo‘yicha mutasaddi tashkilot rahbarlariga deputatlik so‘rovlari yuborilib, javoblar yuzasidan nazorat ishlari olib borilmoqda.

O‘zMTDP Sirdaryo viloyat Kengashi raisi Norbobo Soatov bu borada quyidagicha fikr bildirdi:
— Partiyamiz faoliyatida har bir murojaat — xalq ishonchining ko‘zgusi, deb qaraymiz. Fuqarolarning hayotiy muammolariga befarq bo‘lmaslik, ularni tezkor hal etish — demokratik qadriyatlarimiz ifodasi hisoblanadi. Bugungi kunda murojaatlar faqatgina shikoyat yoki iltimos sifatida emas, balki joylardagi tizimli muammolarni aniqlash va ularni hal etishda muhim axborot manbaiga aylanmoqda.
Raisning ta’kidlashicha, partiya kelgusida ham murojaatlar bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish, har bir murojaatning yechimida deputatlik korpusining faol ishtirokiga erishishni ustuvor vazifa sifatida belgilagan.

– Biz fuqarolarning manfaatini himoya qilish bilan bir qatorda, davlat idoralari faoliyatida ochiqlik va hisobdorlik tamoyillarini mustahkamlashga ham e’tibor qaratamiz. Shu maqsadda partiya kengashlari huzurida murojaatlar monitoringi bo‘yicha ishchi guruhlar faoliyati kengaytiriladi, – deydi Norbobo Soatov.
Partiyaning bu yo‘nalishdagi sa’y-harakatlari natijasida nafaqat murojaatlarning samarali ko‘rib chiqilishi, balki aholi va deputatlar o‘rtasidagi ishonch va hamjihatlik muhiti ham mustahkamlanib bormoqda.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri