Ayni qish mavsumida aholining energiya manbalariga bo‘lgan ehtiyoji ortadi. O‘z navbatida esa turli avariya holatlari ham uchrab turishi tabiiy. Tasodif gaz holatlarini bartaraf etishda gaz ta’minoti bo‘limlaridagi avariya brigadalarining xizmati katta.
Ular barcha tuman va shahar gaz ta’minoti bo‘limlarida tashkil etilgan bo‘lib, 24/7 rejimida ish faoliyatini olib boradi. Jumladan, “Karmanatumangaz” gaz ta’minoti bo‘limi avariya brigadasi ham iste’molchilar tomonidan qilingan murojaatlarni o‘z vaqtida ijobiy hal etish maqsadida mehnat qilmoqda.
Tumanda istiqomat qiluvchi aksariyat aholi tabiiy gazdan foydalanadi. Bugungi kunda tabiiy gaz iste’molchilari soni 30 mingdan ortiqni tashkil etadi. Joriy yilning yanvar oyida iste’molchilardan 104 raqamiga jami 164 ta qo‘ng‘iroq va buyurtmalar qabul qilingan. Gaz sizib chiqish holatlari tezkor bartaraf etilgan.

– Bir kunda o‘ttizga yaqin qo‘ng‘iroqlarni qabul qilib olamiz, – deydi “Karmanatumangaz” gaz ta’minoti bo‘limi avariya dispetcherlik xizmati dispetcheri Bobomurod Mardonov. – Asosan, elektron gaz hisoblash uskunasidan gaz sizib chiqish holatlari, shu bilan birga hisoblagich blokka tushib qolgani yuzasidan qo‘ng‘iroqlar bo‘ladi. Holat bo‘yicha avariya brigadasi chilangariga ma’lum qilamiz. Tezkorlik bilan avariya brigadasi holat bo‘lgan joyga borib, o‘rganib, gaz sizib chiqish muammosini bartaraf etadi. Fevral oyining shu kuniga qadar jami 54 ta buyurtma qabul qildik. Har bir murojaat bo‘yicha avariya brigadalarimiz o‘zlariga berilgan topshiriqni bajardi.

– Yaqinda elektron gaz hisoblash uskunasidan gaz sizib chiqayotgani haqidagi holat bo‘yicha “104” raqamiga qo‘ng‘iroq qildim, – deydi Bog‘i Shamol mahallasi, Zartepa ko‘chasida yashovchi fuqaro Z.Temirov. – Murojaatim qabul qilinganidan so‘ng tez fursatda gaz idorasi xodimlari kelib, holatni bartaraf etdi.
– Men esa xonadonimda gaz bosimining pastligi yuzasidan murojaat qildim, – deydi Yangi Hayot mahallasida yashovchi D.Anorboyeva. – Avariya brigadasi zudlik bilan kelib, elektron gaz hisoblash uskunasi filtrini tozalab berdi. Natijada xonadonda gaz bosimi me’yorga keldi.
Xullas, avariya brigadalari kecha-kunduz xalq xizmatida. Ular o‘zlariga topshirilgan vazifani astoydil bajarib kelmoqda.
A. Bo‘riyev, O‘zA