Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Murojaatlar ortidagi minnatdorlik...
10:36 / 2022-09-13

Prezident virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalariga yurtdoshlarimizdan kelayotgan ko‘plab minnatdorlik maktublarida 2026 yilgacha Taraqqiyot strategiyasi doirasida ta’lim, sud tizimi, tadbirkorlik, sog‘liqni saqlash va aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash borasidagi yangi g‘oya va tashabbuslar qo‘llab-quvvatlanayotganini kuzatish mumkin.

Nukuslik Guljahon Jamolova yo‘llagan maktubda “bu yil bizning «Jeke terek» mahallamiz ham tanib bo‘lmas darajada o‘zgarib ketdi: yo‘llarimiz ta’mirlanib, asfaltlandi, necha yillik orzularimiz ushalib, uylarimizga ichimlik suvi tarmog‘i tortib berildi, «Yoshlar daftari»dagi farzandlarimiz safarbarlik chaqiruv rezervida xizmat qilishi uchun to‘lovlar to‘lab berildi, ishsiz qizlarimizga esa uyida ishlab daromad topishi uchun tikuv mashinalari tarqatildi, kreditlar berilmoqda va bularning barchasi uchun Sizga katta rahmat, muhtaram Prezident!», deb ta’kidlangan.

Taxiatoshlik Mayrambay Jumagaliyev "Prezident virtual qabulxonasiga murojaatimizdan so‘ng davlatimiz eng katta himoyachimiz ekanini yana bir marta angladik, bizni ishdan bo‘shatishmoqchi edi, Prezidentimizning adolati bilan o‘z ish o‘rnimizni saqlab qoldik, davlatimizdan minnatdormiz», deyiladi.

Haqiqatan ham, davlatimiz rahbarining Mustaqillik bayrami nutqida aytib o‘tilganidek, o‘tgan davrda «Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak» degan tamoyil barcha bo‘g‘indagi rahbarlar uchun faoliyat dasturiga aylangani, vazir va hokimlar, deputat va senatorlar, rahbar va mutasaddilar, buyuk shoirimiz Cho‘lpon aytganidek, xalq ichiga kirib, xalqdan kuch olib, yangi yondashuv asosida xizmat qilayotgani eng muhim omil bo‘lmoqda.

Virtual qabulxona va Xalq qabulxonalariga har kuni kelib tushayotgan yuzlab minnatdorlik xatlarida ham “men bilan uchrashishdi”, “meni tinglashdi”, “muammomni joyida hal qilishdi” kabi iboralarga tez-tez duch kelamiz.

Aytaylik, Toshkent shahri Chilonzor tumani «Bekto‘pi» mahalla fuqarolar yig‘ini «Bekto‘pi» ko‘chasida yashovchi Zahro Yoqubova doimiy dori-darmon bilan ta’minlanayotgani, Olmazor tumani «Chig‘atoy» darvoza mahallasidan Rinat Aglyamov davlatimizning katta yordami bilan og‘ir xastalikni yengib o‘tib, yana sog‘lom hayotga qaytgani, Yakkasaroy tumani «Armug‘on» mahallasida istiqomat qiluvchi 2-guruh nogironi Vasiliy Ivaxenko mahalla vakillari uning holidan doimiy xabar olib, ko‘mak ko‘rsatib kelayotgani, Yakkasaroy tumani «To‘qimachi» mahallasida yashovchi pensioner Galina Jukova sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatilayotgani kabi holatlar fuqarolarimizda minnatdorlik hissini uyg‘otgani maktublarda alohida ta’kidlanadi.

MAKTUBLAR...

“To‘rt farzandim bilan 13 yil ijarada kun kechirdim. Davlatimiz bizni hech qachon o‘z holimizga tashlab qo‘ymadi. Har doim holimizdan xabar olib turishdi. Mana, yaqinda bizga ijtimoiy uy ajratishdi. Bu koshonaning har bir qarichi biz uchun aziz, qadrli. Xalqimizning «o‘z uyim – o‘lan to‘shagim», degan maqoli mag‘zini endi tushunib yetayotgandekmiz. Vatanimizdan toabad qarzdormiz, farzandlarimni el-yurt xizmatiga yaraydigan insonlar qilib tarbiyalayman”, deyiladi Samarqand shahri «Nurli kelajak» mahallasida yashovchi Gulnoza Mamedova yo‘llagan maktubda.

Xorazm viloyati Shovot tumani «Bo‘ston» mahallasida yashovchi Darmon Najimova, Tuproqqal’a tumani «Sharlovuq» mahallasidan Gulnora Ro‘ziboyeva, Qo‘shko‘pir tumani «Shixmashhad» mahallasida istiqomat qiluvchi Bekposhsha Iskandarova kabi ko‘plab yurtdoshlarimiz davlatimiz rahbariga samimiy minnatdorlik so‘zlari bitishgan.

Ayniqsa, el-yurt ozodligi yo‘lida kurashgan buyuk ajdodimiz Jaloliddin Manguberdi xotirasiga bag‘ishlab Urganch shahrida muhtasham yodgorlik majmuasi bunyod etilgani Vatanga sadoqat, farzandlik mehri va iymon-e’tiqod bilan xizmat qilishning ramzi bo‘lgani ta’kidlanadi.

“Sulton Jaloliddinning 25 metrli muazzam haykali hamisha mustaqillik qadrini, erkin va ozod yashash baxt-saodatini, Yangi O‘zbekistonda nainki bugungi avlodga mansub insonlar, balki buyuk ajdodlarimiz xotirasi ham aziz ekanini bizga hamisha eslatib turadi”, deyiladi bir maktubda.

Shovot tumani «Oqko‘l» mahallasidagi 15-maktabning «Yosh shaxmatchilar» to‘garagi rahbari Xushnudbek Shixovning tabrik maktubida esa yaqinda shaxmat bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari Hindistonning Chennay shahrida o‘tkazilgan 44-Butunjahon shaxmat olimpiadasi chempioni degan yuksak sharafga sazovor bo‘lgani timsolida ulug‘ ajdodlarimiz zakosi bugungi avlodlar intellektida yangicha ma’no-mazmun bilan namoyon bo‘layotgani ta’kidlanadi.

Davlatimiz rahbari nomiga yo‘llangan bu kabi  maktublar bilan tanishar ekanmiz, jonajon Vatanimizning turli hududlarida yashayotgan, mehnat qilayotgan ko‘p millatli xalqimiz qalbida O‘zbekistonning buguni va kelajagiga bo‘lgan qat’iy ishonch turganini chuqur his qilamiz.

 

O‘zbekiston Respublikasi

Prezidentining Xalq qabulxonasi