Prezidentimiz raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida hududlarda aholi bilan ishlash, ijtimoiy adolatni ta’minlash va davlat idoralarining fuqarolarga xizmat ko‘rsatish samaradorligi keskin tanqid qilingan edi. Jumladan, xalq qabulxonalari aholi muammolarini yechish o‘rniga, murojaatlarni tashkilotlar o‘rtasida qayta taqsimlovchi “dispetcher”ga aylanib qolgani va bu tizimdagi xodimlar mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘yayotgani ta’kidlandi.
Prezident tomonidan berilgan topshiriqlarga ko‘ra, endilikda Xalq qabulxonalariga tuman va viloyat hokimlari bevosita rahbarlik qilishi shart etib belgilandi. Shu bilan birga, har bir hokim ish kunini fuqarolarni qabul qilish, ularning dardi, tashvishlarini eshitish va aniq yechimlar topishdan boshlashi lozimligi qayd etildi.

Ana shu talablar ijrosini ta’minlash maqsadida Sirdaryo viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Erkinjon Turdimov rahbarligida viloyatda fuqarolar murojaatlari bilan ishlash holati tanqidiy tahlil qilindi. Prezident virtual qabulxonasi va xalq qabulxonalari orqali kelib tushayotgan murojaatlarning ijrosi sohalar kesimida ko‘rib chiqildi.

Taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yil 1 iyuliga qadar Sirdaryo viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasiga 1 428 ta murojaat kelib tushgan. Shundan 66 foizi ijobiy yechim topgan. Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida bu ko‘rsatkich 68,5 foizni, iqtisodiyot va moliya tizimida esa 69,4 foizni tashkil etgan. Ayniqsa, yer munosabatlari va mulk huquqlari sohasidagi murojaatlar fuqarolar uchun eng dolzarb muammolardan biri bo‘lib qolmoqda. Bu yo‘nalishda kelib tushgan murojaatlardan atigi 66,4 foizi ijobiy hal etilgan. Mazkur holat kadastr agentligi va mulk huquqlarini muhofaza qilishga mas’ul organlar faoliyatida jiddiy kamchiliklar mavjudligini ko‘rsatadi.

Yig‘ilishda ayrim rahbarlar murojaatlarni ko‘rib chiqishda byurokratik yondashib, mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘yayotgani, mahalliy tashkilotlarning quyi bo‘g‘inlari faoliyati yetarlicha nazorat qilinmayotgani tanqid qilindi.

Viloyat rahbari Erkinjon Turdimov fuqaro murojaatini xalqning rahbarlarga va ularning faoliyatiga bergan bahosi sifatida baholar ekan, uni o‘z vaqtida hal etmaslik ishonchni yo‘qotishga sabab bo‘lishini ta’kidladi. Yig‘ilish yakunida bir qator aniq vazifalar belgilab berildi. Jumladan, har bir murojaat yuzasidan tegishli sohaning birinchi rahbari shaxsan javobgar ekanligi qayd etildi.
Murojaatlarni tahlil qilishda faqat raqamlar emas, balki har bir murojaat ortida inson taqdiri turgani inobatga olinishi shartligi, hal etilmagan murojaatlar yuzasidan tahlil va manzilli chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish zarurligi belgilandi.
G‘ulom Primov,
Shahriyor Ortiqboyev (surat) O‘zA muxbirlari