Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Murojaatlar ijobiy yechim topmoqda
14:33 / 2026-02-11

Keyingi yillarda O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi va uning hududlardagi tuzilmalari tomonidan iste’molchilar huquqlarini himoyalash borasida manzilli ishlar amalga oshirilmoqda. Buni iste’molchilar murojaatlarining ijobiy yechim topayotganligida ham ko‘rish mumkin.

Karmanalik Mehriddin Xayriddinov ham O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining Karmana tuman jamiyatiga murojaat qiladi. Murojaatda bayon qilinishicha, M.Xayriddinov “Billur” avtosalonidan “Kobalt” avtomashinasini xarid qiladi. Ammo avtomashinaning motor qismida nosozliklar mavjud bo‘lib, bir necha bor ta’mirlatishiga to‘g‘ri keladi. Shunga qaramay, motordan moy oqishi to‘xtamadi.

Shundan keyin avtosalon rahbariyatidan nosoz mashinani ta’mirlab yoki yangi avtomashinaga almashtirib berishini so‘raydi. Murojaati e’tiborsiz qoldirilganidan keyin O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining Karmana tuman jamiyatiga murojaat qilishga majbur bo‘ladi.

Jamiyat mutaxassislarining olib borgan o‘rganishlari hamda tomonlarga amaldagi qonunchilik talablari va majburiyatlari tushuntirilgandan so‘ng, M. Xayriddinovga avtomashinaning motor qismi 21 million 945 ming so‘mga almashtirib beriladi.

Yana bir murojaatda keltirilishicha, Navbahor tumanidagi “Yangi avlod” mahallasida istiqomat qiluvchi Botir Mavlonov Andijon viloyati Asaka tumanida yashovchi Otabek Sodiqovdan 2,3 million so‘mga qozonlar to‘plamini sotib oladi. Ammo mahsulot bozor narxidan ancha qimmat va sifatsiz ekanligi ma’lum bo‘lgach, to‘langan mablag‘ni qaytarib berishini so‘raydi. Ammo murojaati javobsiz qoladi.

Tuman jamiyati xodimlari aralashuvidan keyingina muammo ijobiy hal etilib, fuqaroga 2,3 million so‘m mablag‘ qaytarib berildi.

A. Bo‘riyev, O‘zA