English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Murojaatlar ijobiy yechim topmoqda
18:28 / 2023-08-16

Bugungi kunda aholining turli qatlamlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni yo‘lga qo‘yish, muammolarni aniqlash va ularni joyida bartaraf etish dolzarb vazifalardan biridir. Shundan kelib chiqib, “Hudud gaz Namangan” gaz ta’minoti filiali rahbariyati tomonidan Namangan viloyatining Chust tumanida sayyor qabul tashkil etildi. Xalq bilan muloqotda filial direktorining o‘rinbosari Ibrohimjon Mamajonov hamda tuman gaz ta’minoti bo‘limi mutasaddilari Dehqonobod mahalla ahlining murojaatlariga quloq tutdi.

Sayyor qabul gaz ta’minoti korxonasi hamda iste’molchilar o‘rtasida ta’sirchan va samarali ochiq muloqot tarzida o‘tkazilib, unda fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlari vakillari ko‘targan masalalar eshitilib, muammolar tegishli tartibda joyida hal etish choralari ko‘rildi.  

Tadbir davomida aholi o‘rtasida is gazidan zaharlanish, gaz-havo aralashmasining chaqnashi kabi baxtsiz hodisalarning oldini olish, iste’molchilarning tabiiy gazdan oqilona va xavfsizlik texnikasi qoidalariga rioya qilgan holda foydalanish, xonadonlardagi gaz uskunalari holatini ko‘rikdan o‘tkazish bo‘yicha tushunchalar berildi.  

Qabulda ishtirok etgan fuqarolar tomonidan “ID” karta olish, suyultirilgan gazni yetkazib berish muddatlarini ko‘rib chiqish, qo‘shimcha maishiy gaz ballon olish masalasida murojaatlar tinglandi. Aholiga amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida tushuntirishlar berish bilan birga murojaatlarga ijobiy yechim topildi.  

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.