Joylarda aholi murojaatlari davlat idoralari tomonidan o‘z vaqtida o‘rganilmoqda. O‘rganishlar shunchaki tashkil etilmaydi, balki aholi manfaatlaridan kelib chiqqan holda ularga amaliy ko‘mak berish yoki huquqiy tushuntirishlar olib borish maqsadida o‘tkaziladi.
“Hududgaz Buxoro” gaz ta’minoti korxonasi tomonidan ham iste’molchilarning murojaatlari hal etilishiga erishilmoqda.

2025 yilning 9 oyi davomida 3623 ta murojaat kelib tushgan. Ulardan 743 ta yozma, 1153 tasi esa og‘zaki murojaatdir. Elektron murojaatlar 11 tani tashkil etsa, “Ishonch telefoni” orqali qilingan murojaatlar soni 724 tani tashkil etadi. 992 ta murojaat “Virtual qabulxona” orqali qilingan.

– Har bir murojaat tegishli soha xodimlari tomonidan o‘rganilmoqda. Kelib tushgan murojaatlardan 3067 tasi ijobiy jihatdan hal etilgan. 481 tasi yuzasidan tushuntirishlar berilgan. Shunday murojaatlar borki, bevosita ular tashkilot bilan bog‘liq emas, bu kabi muammolar rad etiladi va iste’molchiga tushuntiriladi, – deydi filialning bo‘lim boshlig‘i Farrux Rajabov.

Gaz ta’minoti tizimi tomonidan shuningdek, 20 ga yaqin sayyor qabullar ham o‘tkazildi. Qabullar davomida joylarda gaz ta’minotini yaxshilash, qo‘shimcha gaz ballonlari bilan ta’minlash, hisob-kitob masalasi bilan bog‘liq muammolar kelib tushgan bo‘lsa, mas’ullar har bir murojaatning amaliy yechimiga e’tibor qaratib kelmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.