Jismoniy va yuridik shaxslar davlat organlari, ularning mansabdor shaxslariga murojaat qilishi O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi bilan kafolatlangan.
Konstitutsiyamizning 35-moddasiga asosan, har bir shaxs bevosita o‘zi va boshqalar bilan birgalikda vakolatli davlat organlariga, muassasalariga yoki xalq vakillariga ariza, taklif va shikoyatlar bilan murojaat qilish huquqiga ega. Arizalar, takliflar va shikoyatlar qonunda belgilangan tartibda va muddatlarda ko‘rib chiqilishi shart.
O‘zbekiston Respublikasi «Davlat tili to‘g‘risida»gi qonunining 14-moddasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi hududida yashovchi shaxslarga davlat tashkilotlari va muassasalariga, jamoat birlashmalariga arizalar, takliflar, shikoyatlar bilan davlat tilida va boshqa tillarda murojaat qilish huquqi ta’minlanadi.
Yana bir jihatni ta’kidlash lozimki, «Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining 27-moddasida murojaatlarga javoblar mumkin qadar murojaat etilgan tilda bayon qilinadi, deb belgilangan.
Bunda davlat organlari fuqarolardan kelib tushgan murojaatlarga javob berishi davlat tilida yoki murojaat tilida amalga oshirilishi kerak.
A.Orazimbetov,
Taxiatosh tumani
Davlat xizmatlari markazining
bo‘lim boshlig‘i