Konstitutsiyaning 40-moddasiga ko‘ra, har kim bevosita o‘zi va boshqalar bilan birgalikda davlat organlariga hamda tashkilotlariga, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga, mansabdor shaxslarga yoki xalq vakillariga arizalar, takliflar va shikoyatlar bilan murojaat qilish huquqiga ega. Arizalar, takliflar va shikoyatlar qonunda belgilangan tartibda va muddatlarda ko‘rib chiqilishi shart.
Keyingi yillarda davlat organlari va tashkilotlarida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash yangicha yondashuv va zamonaviy talablar asosida yo‘lga qo‘yildi. Murojaatlar bilan ishlash yagona elektron platformasiga o‘tgan davrda 10 millionga yaqin murojaat kelib tushgan.
Bu jarayonlarda davlat organlari va tashkilotlarining jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlovchi mas’ul xodimlarining malakasini oshirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.

Adliya vazirligi huzuridagi Yuristlar malakasini oshirish markazi tomonidan «Murojaatlar bilan ishlash samaradorligini ta’minlash: nazariya va amaliyot» mavzusida tashkil etilgan ilmiy-amaliy konferensiyada shu haqda gap bordi.
Islohotlardan ko‘zlangan maqsad inson va uning huquq va erkinliklarini himoya qilish, ularning qonuniy manfaatlarini ta’minlashdir. Bu borada ro‘yobga chiqarilayotgan aniq chora-tadbirlarda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash muhim o‘rin tutadi.
Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 7 oktyabrdagi «Davlat organlari va tashkilotlarining jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ish olib boruvchi xodimlari malakasini oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida»gi qarori bilan davlat organlari va tashkilotlarining jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ish olib boruvchi xodimlari malakasini oshirish Davlat boshqaruvi akademiyasi va Yuristlar malakasini oshirish markaziga yuklatilgan.
Shunga asosan 2024 yilning birinchi yarmida Yuristlar malakasini oshirish markazi tomonidan davlat organlari va tashkilotlarining jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ish olib boruvchi 1 ming 835 nafar mas’ul xodimining sohaga oid malakasi oshirildi.
Tadbirda davlat organlari va tashkilotlarida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash samaradorligini oshirish, mas’ul xodimlarning qonunchilikdan, sohaga oid yangiliklardan xabardorligini oshirish kerakligi qayd etildi.
Mutaxassislar tomonidan shu yo‘nalishdagi yangi ma’lumotlar taqdim etildi. Ishtirokchilar qonunchilikdagi muammoli holatlarni ilmiy-nazariy jihatdan tahlil qilish imkoniga ega bo‘ldi.
Konferensiya doirasida Vazirlar Mahkamasi hamda Yuristlar malakasini oshirish markazi tomonidan chop etilgan «Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida»gi qonuniga sharh va «Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tartibi» nomli uslubiy qo‘llanmaning taqdimoti o‘tkazildi.
N.Abduraimova,
O‘zA