Mamlakatimizda fuqarolarning murojaatlari bilan ishlash tizimini takomillashtirish, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
Shu jihatdan, Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushayotgan murojaatlarni o‘z vaqtida, xolis va samarali ko‘rib chiqishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bu haqda agentlikning murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha bosh mutaxassisi O‘tkir To‘rayev quyidagilarni ta’kidladi:
– Ta’kidlash kerakki, tashkilotimizda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash jarayonlarini yanada takomillashtirish, fuqarolar uchun qulay va ochiq muloqot muhitini yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Murojaatlarni qabul qilish va ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonlari tizimli tashkil etilgan bo‘lib, bu ularni o‘z vaqtida ko‘rib chiqish hamda shaffoflikni ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Tahlillarga e’tibor beradigan bo‘lsak, 2025 yilda tashkilotimizga jismoniy va yuridik shaxslardan jami 439 ta murojaat kelib tushdi. Ulardan 217 tasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining virtual qabulxonasi orqali, 222 tasi esa to‘g‘ridan to‘g‘ri yozma, og‘zaki hamda elektron shaklda yuborilgan. Ularning 407 tasi jismoniy shaxslar, 32 tasi yuridik shaxslar tomonidan taqdim etilgan.
Hududlar kesimida tahlil qilinganda, Toshkent shahridan 89 ta, Jizzax va Qashqadaryo viloyatlaridan 19 tadan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va boshqa viloyatlardan jami 312 ta murojaat kelib tushgani qayd etildi.
Ko‘rib chiqilgan murojaatlarning 347 tasi, ya’ni 83,4 foizi qanoatlantirilgan, 60 ta murojaat bo‘yicha tushuntirish berilgan. Ayni paytda 3 ta murojaat ko‘rib chiqilmoqda.
Bugungi kunda fuqarolar bilan samarali muloqotni ta’minlash maqsadida agentlikda ishonch telefoni faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, o‘tgan yilda 4500 dan ortiq qo‘ng‘iroq qabul qilindi. Shuningdek, rasmiy veb-saytimizdagi onlayn maslahat xizmati orqali 1900 nafar fuqaroga real vaqt rejimida konsultativ yordam ko‘rsatildi.
Ahamiyatlisi, shaxsiy va sayyor qabullarning muntazam o‘tkazilishi esa joylarda mavjud muammolarni bevosita eshitish, ularga tezkor va manzilli yechimlar topish imkonini bermoqda. Murojaatlarni belgilangan muddatlarda, qonunchilik talablari asosida ko‘rib chiqish va natijalari haqida murojaat etuvchilarni xabardor qilish ishlari doimiy nazoratda saqlanmoqda. Bu ishlar natijasida tizimda qulaylik, ochiqlik va samaradorlik ta’minlanib, fuqarolarning davlat organiga bo‘lgan ishonchi yanada mustahkamlanmoqda.
N.Ziyodullayeva, O‘zA